Senatorlar Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonunni maʼqulladi
Hujjat bilan islomiy bank litsenziyasi joriy qilinib, banklarga anʼanaviy va islomiy xizmatlarni bir vaqtda koʻrsatish huquqi beriladi.
Shuningdek, islomiy moliya kengashlari tashkil etilib, soliq qoidalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunni maʼqulladi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun bilan ikki kodeks va yetti qonunga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilaydigan yangi normalar kiritilmoqda.
Xususan, islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi alohida litsenziya turi joriy etilib, unga qoʻyiladigan talablar belgilanmoqda. Mazkur litsenziya banklarga toʻliq islomiy bank faoliyatini olib borish yoki bir vaqtning oʻzida ham anʼanaviy, ham islomiy bank xizmatlarini koʻrsatish imkonini beradi.
Shuningdek, islomiy moliya faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank hamda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarda islomiy moliya kengashlarini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Ushbu kengashlar faoliyatiga oid aniq talablar ham belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Soliq kodeksiga islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortish tartibini belgilaydigan alohida bob kiritilmoqda. Unga muvofiq, islomiy moliya faoliyatidan olinadigan daromadlar soliq solish maqsadida foizli daromadlarga tenglashtiriladi. Shu bilan birga, banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozlarga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qoʻyiladigan ustamalar qoʻshilgan qiymat soligʻidan (QQS) ozod etiladi.
Senatorlar fikricha, mazkur qonun bank-moliya sohasiga yangi strategik investorlarni jalb etish, shuningdek, moliyaviy xizmatlar bozorini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.
Avvalroq Pinkod Oʻzbekistonda 2030 yilgacha kamida 3 ta bankda islomiy moliya xizmatlari joriy etilishi kutilayotgani haqida xabar bergan edi.









