12 447.350 so‘m

increase

86.490

14 545.970 so‘m

increase

66.460

146.080 so‘m

increase

0.420

12 447.350 so‘m

increase

86.490

3 kun avval
Iqtisodiyot

Sakkiz oyda Oʻzbekistonga avtomobil importi qariyb 30 foizga kamaydi

Yanvar–avgust oylarida Oʻzbekistonga avtomobil importi son jihatdan 12 foizga, qiymat boʻyicha esa qariyb 30 foizga kamaydi.

Eng katta pasayish benzinli va gibrid avtomobillar segmentida qayd etildi.

Aksincha, elektromobillar importi bu davrda ikki baravar oshib, bozorning asosiy oʻsish yoʻnalishiga aylandi.

Sakkiz oyda Oʻzbekistonga avtomobil importi qariyb 30 foizga kamaydi
Foto: AI / Pinkod.uz

2025 yilning yanvar–avgust oylarida Oʻzbekistonga 42,2 ming dona yengil avtomobil import qilindi. Ularning umumiy qiymati esa 640,7 million dollarni tashkil etdi. Bu haqda Pinkod oʻrgangan Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlaridan maʼlum boʻldi.

Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan ancha past boʻlib, avtomobillar soni 12 foizga, umumiy qiymat esa qariyb 30 foizga kamaydi. Taqqoslash uchun, 2024 yilning shu davrida 47,9 ming dona avtomobil 911,5 million dollarlik hajmda olib kirilgandi.

Benzinli va gibrid avtomobillar importi keskin qisqargan. Hisobot davrida 11,2 ming dona benzinli mashina 233,6 million dollarlik qiymatda import qilingan. Bir yil avval bu koʻrsatkich 25 ming dona va 541,1 million dollarni tashkil etgandi. Yillik pasayish 55,3 foizni tashkil qilmoqda.

Gibrid mashinalar importi ham kamayib, 2025 yilda atigi 2 ming dona (46,1 mln dollar)ni tashkil etdi. 2024 yilda esa 10 ming dona gibrid avtomobil 192,8 million dollarlik qiymatda olib kirilgandi. Gibrid avtomobilllar importi bir yil oldingiga nisbatan 79,8 foizga kamaygan.

Shu bilan birga, eng katta oʻsish elektromobillar segmentida kuzatildi. Joriy yilning sakkiz oyida mamlakatga 28,9 ming dona elektromobil import qilindi. Bu oʻtgan yil mos davridagi 12,9 ming donalik koʻrsatkichga nisbatan ikki baravar koʻproqdir. Ularning umumiy qiymati ham sezilarli darajada koʻpayib, 166,7 million dollardan 358,9 million dollarga yetdi.

Dizel dvigatelli mashinalar ulushi kichik boʻlsa-da, sezilarli oʻsish qayd etildi. Agar 2024 yilda atigi 9 dona avtomobil olib kirilgan boʻlsa, 2025 yilda ularning soni 91 donaga yetdi. Umumiy qiymati esa 2,1 million dollarni tashkil etdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+