Saida Mirziyoyevaga yangi vazifa yuklatildi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva oʻrindoshlik asosida Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi lavozimiga tayinlandi. U Administratsiya rahbari sifatidagi faoliyatini davom ettirgan holda, yangi moliya markazini ishga tushirish bilan bogʻliq jarayonlarni ham muvofiqlashtiradi.

Prezident farmoni bilan Saida Mirziyoyeva Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlandi.
U markaz faoliyatini yoʻlga qoʻyish, birinchi navbatdagi hujjatlarni tayyorlash hamda davlat organlari va markaz tuzilmalari oʻrtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtiradi.
Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish boʻyicha prezident farmoni 2026 yil mart oyida qabul qilingan. Iyulda esa markaz faoliyatini tartibga soluvchi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi.
Markaz hududida maxsus huquqiy rejim amal qiladi. Jumladan, qonunga zid boʻlmagan doirada Angliya va Uels huquqi prinsiplari va sud pretsedentlaridan foydalaniladi. Shuningdek, alohida Toshkent xalqaro tijorat sudi va mustaqil moliyaviy regulyator faoliyat yuritishi koʻzda tutilgan.
Markaz moliyaviy va bank xizmatlari, kapital bozori, sugʻurta, islomiy va “yashil” moliya, fintex hamda raqamli aktivlar kabi yoʻnalishlarni qamrab oladi.
Hisob-kitoblarga koʻra, 2030 yilgacha Toshkent xalqaro moliya markazi orqali iqtisodiyotga qoʻshimcha 20–25 mlrd dollar investitsiya jalb qilish, 15 mingtagacha yuqori malakali ish oʻrni yaratish va 10 ming nafar mutaxassis malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Saida Mirziyoyeva Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimidagi faoliyatini ham davom ettiradi.









