Rayhon, “Ummon”, Gʻaybulla Tursunov va boshqalarning konsert reklamalarida qonunbuzilish aniqlandi
Raqobat qoʻmitasi 27 ta konsert reklamasida sanʼatkorlarning jonli ijro etishi yoki fonogrammadan foydalanishi haqida maʼlumot berilmaganini aniqladi. Qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli reklama beruvchilarga ogohlantirishlar yuborildi.

Raqobat qoʻmitasi Instagram va tashqi reklama obʼektlarida joylashtirilgan 27 ta konsert reklamasida ijro shakli koʻrsatilmaganini aniqladi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Lolita, Ani Lorak, Mayot, Nikolay Fomenko, Izzat Shukurov, “Ummon” guruhi, Rayhon Gʻaniyeva va Gʻaybulla Tursunov konsertlarining Instagram’dagi reklamalarida tegishli maʼlumotlar mavjud boʻlmagan.
Shuningdek, Toxi$, “Mashina vremeni” va Otar Kushanashvili ishtirokidagi dasturlarning tashqi reklamalarida ham ijro shakli koʻrsatilmagan.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 apreldagi 207-son qaroriga muvofiq, konsert reklamalarida “Jonli ijro”, “Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz” yoki “Fonogrammali konsert dasturi” degan maʼlumotlardan biri aniq koʻrsatilishi shart.
“Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 44-moddasiga koʻra, fonogrammadan foydalanilganda uning darajasi haqida maʼlumot berilishi kerak. Tashqi reklamada bu axborot reklama maydonining kamida 10 foizini egallashi lozim.
Bundan tashqari, tashkilotchilar tomosha boshlanishidan oldin fonogrammadan foydalanish haqida audioxabar berilishini taʼminlashi shart.
Aniqlangan holatlar yuzasidan reklama beruvchilarga reklamalarni qonunchilik talablariga moslashtirish boʻyicha ogohlantirishlar yuborilgan. Qoʻmita kelgusida bunday qoidabuzarliklar aniqlansa, tegishli taʼsir choralari qoʻllanilishini bildirdi.









