Raqobat qoʻmitasi umumiy ovqatlanish korxonalarini ogohlantirdi
Raqobat qoʻmitasi ayrim restoran va kafelardagi 10–20 foizlik qoʻshimcha xizmat haqlari va majburiy depozit talablari boʻyicha koʻplab murojaatlar kelganini maʼlum qildi. Qoʻmita umumiy ovqatlanish korxonalarini majburiy xizmatlarni joriy etmaslikka chaqirib, mijozlarga barcha narxlar va shartlar oldindan aniq koʻrsatilishi shartligini eslatdi.

Raqobat qoʻmitasi mamlakatdagi barcha turdagi umumiy ovqatlanish korxonalarini majburiy qoʻshimcha xizmatlar masalasida ogohlantirdi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Qoʻmita nomiga ayrim restoran va kafelarda taom narxidan tashqari 10–15 dan 20 foiz miqdorida xizmat haqi olinayotgani, shuningdek, mijozlardan oldindan majburiy depozit talab qilinayotgani boʻyicha murojaatlar kelib tushmoqda.
Vazirlar mahkamasining 75-son qaroriga muvofiq, umumiy ovqatlanish korxonalari quyidagi turlarga boʻlinadi: restoran, vagon-restoran, bar, kafe, mavsumiy kafe, kafeteriy, oshxona, choyxona, bufet va kichik oshxona.
“Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunga asosan, isteʼmolchi tovar va xizmatlar, shuningdek ularni koʻrsatuvchi shaxs haqida toʻliq va ishonchli maʼlumot olish, ularni erkin tanlash va sifatli boʻlishini talab qilish huquqiga ega.
Ijrochi ishlarni belgilangan muddatda, hajmda va sifatda bajarishi shart. Sotuvchi yoki xizmat koʻrsatuvchi shaxs isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovar yoki xizmatlardan foydalanishga majburlashga, shuningdek, koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq undirishga haqli emas.
Shu munosabat bilan Raqobat qoʻmitasi umumiy ovqatlanish korxonalarini majburiy qoʻshimcha xizmatlarni joriy etmaslikka chaqiradi.
Korxonalar taom narxlari, xizmat koʻrsatish tartibi va barcha shartlar, jumladan ofitsiant xizmatlari uchun olinadigan haq miqdori haqida mijozlarga oldindan aniq va toʻliq maʼlumot berishi lozim. Shuningdek, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini yaratish tavsiya etiladi.









