Raqobat qoʻmitasi kredit boʻyicha ortiqcha toʻlovlarni hisoblash tartibini oʻzgartirishni taklif qildi
Raqobat qoʻmitasi kredit uchun belgilangan oylik summadan ortiqcha toʻlangan mablagʻlarni asosiy qarzga avtomatik yoʻnaltirish mexanizmini qayta koʻrib chiqishni taklif etdi. Qoʻmita ayrim banklarda ortiqcha mablagʻ tranzit hisobvaraqlarda qolib ketayotgani, natijada asosiy qarz kamaymasdan unga foiz hisoblanishi davom etayotganini aniqlagan.

Raqobat qoʻmitasi banklarda kredit toʻlovlarini hisoblash mexanizmini isteʼmolchilar manfaatidan kelib chiqib qayta koʻrib chiqish yuzasidan Markaziy bankka takliflar kiritdi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Qoʻmitaga kelib tushgan murojaatlar tahlilida ayrim banklarda mijoz kredit boʻyicha belgilangan oylik toʻlovdan koʻproq pul oʻtkazgan taqdirda ham, ortiqcha summa asosiy qarzni kamaytirishga yoʻnaltirilmayotgani aniqlangan.
Bunday mablagʻlar tranzit hisobvaraqlarda saqlanib qolgan. Natijada qarzdorning asosiy qarzi oʻzgarmagan va unga foiz hisoblash davom etgan.
Qoʻmita, xususan, Oʻzsanoatqurilishbank va Hamkorbank kredit shartnomalarini oʻrgangan. Ularda ortiqcha toʻlovlarni asosiy qarzni soʻndirishga yoʻnaltirish majburiyati nazarda tutilgan boʻlsa-da, amalda bu talab bajarilmagan holatlar aniqlangani maʼlum qilindi.
Bundan tashqari, ayrim banklarning mobil ilovalarida mijozga kredit toʻlovini qanday yoʻnaltirishni boshqarish imkoniyati yetarli emasligi qayd etilgan. Yaʼni mijoz ortiqcha toʻlovni aynan asosiy qarzga yoʻnaltirish yoki kreditni qisman muddatidan oldin soʻndirishni ilovaning oʻzida tanlay olmasligi mumkin.
Qoʻmita bunday amaliyotni isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha qonunchilik talablariga zid deb baholagan.
Amaldagi tartib nima deydi?
Markaziy bankning bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan munosabatlarga oid nizomiga koʻra, kredit shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, navbatdagi toʻlov uchun zarur summadan ortiq tushgan mablagʻ asosiy qarzni soʻndirishga yoʻnaltirilishi kerak.
Shundan keyin kredit boʻyicha hisob-kitob ham qayta amalga oshirilishi lozim.
Nizomda bankning dasturiy taʼminotidagi nosozliklar yoki texnik kamchiliklar sabab isteʼmolchining kredit boʻyicha majburiyatlari oshib ketishiga yoʻl qoʻyilmasligi ham belgilangan.
Shunga qaramay, Raqobat qoʻmitasi amaliyotda mavjud mexanizm isteʼmolchilar manfaatlarini yetarlicha himoya qilmayotganini qayd etmoqda.
Markaziy bankka nima taklif qilindi?
Qoʻmita Markaziy bankka nizomning ortiqcha toʻlovlarni asosiy qarzga yoʻnaltirish tartibini belgilovchi 37-bandini qayta koʻrib chiqish taklifini kiritgan.
Bundan tashqari, kredit boʻyicha hisob-kitoblar va kreditni muddatidan oldin soʻndirish shartlarini idoraviy nizom darajasida emas, bevosita “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunda belgilash taklif qilindi.
Bu kreditni qisman yoki toʻliq muddatidan oldin soʻndirish, ortiqcha toʻlovning qayerga yoʻnaltirilishi va hisob-kitobning qay tarzda yangilanishi boʻyicha asosiy qoidalarni qonun darajasida mustahkamlashni anglatadi.
Xorijda qanday ishlaydi?
Raqobat qoʻmitasi taklifini asoslashda xorijiy tajribani ham keltirgan.
AQShning ayrim banklarida mijoz mobil ilovadagi Principal Only funksiyasi yordamida qoʻshimcha toʻlovni kelgusi oylik toʻlov sifatida emas, bevosita kreditning asosiy qarzini kamaytirishga yoʻnaltirishi mumkin.
Rossiyada isteʼmol kreditini muddatidan oldin soʻndirish uchun qoʻshimcha haq olinmaydi.
Qozogʻistonda ham qarzdor kreditni jarimasiz muddatidan oldin soʻndirishi mumkin. Qisman muddatidan oldin toʻlov amalga oshirilganda esa bank bilan kelishilgan holda oylik toʻlov miqdorini kamaytirish yoki kredit muddatini qisqartirish imkoniyati mavjud.
Hozircha Raqobat qoʻmitasining takliflari Markaziy bank tomonidan qabul qilingani yoki amaldagi tartib oʻzgartirilgani haqida maʼlumot berilmagan. Shu sababli gap hozircha taklif etilayotgan oʻzgarishlar haqida ketmoqda.









