12 447.350 so‘m

increase

86.490

14 545.970 so‘m

increase

66.460

146.080 so‘m

increase

0.420

12 447.350 so‘m

increase

86.490

20-avgust, 18:19
Soliq

Prezident tadbirkorlik subʼektlari uchun bir qator yengilliklarini eʼlon qildi

Oʻzbekistonda tadbirkorlar uchun soliq yengilliklari, kreditlash tizimidagi islohotlar, shuningdek  “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili kabi qator yangiliklar joriy etiladi. 

Prezident tadbirkorlik subʼektlari uchun bir qator yengilliklarini eʼlon qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekistonda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va soliqqa oid majburiyatlarni soddalashtirish boʻyicha qator muhim yangiliklar joriy etiladi. Bu haqda prezidentning tadbirkorlar bilan anʼanaviy ochiq muloqotda maʼlum qilindi.

Avvalo, aylanmadan olinadigan soliq toʻlovidan ilk marta qoʻshilgan qiymat soligʻiga (QQS) oʻtgan korxonalar bir yil davomida foyda soligʻidan ozod etiladi. Shu bilan birga, tadbirkorlar yil davomida QQS toʻlovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qoʻyilish tartibini buzganlik uchun jarimaga tortilmaydi.

Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan sayyor soliq tekshiruvlarini oʻtkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy boʻladi. Videokamera qoʻllanmasdan oʻtkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.

Kreditlash va skoring tizimidagi oʻzgarishlar

Kreditlash tizimida ham muhim oʻzgarishlar kutilmoqda. Endilikda tadbirkorlarga kredit berishda skoring tizimi yanada kengaytirilib, unda soliq va kommunal toʻlov intizomi, rasmiy aylanma va eksport operatsiyalari kabi maʼlumotlar ham inobatga olinadi. Kelgusi yildan muqobil skoring modeli ishga tushiriladi va kredit olish shartlari tadbirkorlar uchun osonlashtiriladi.

Biznesni 15 daqiqada boshlash

2026 yildan yana bir muhim yangilik – “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili joriy etiladi

Bunda, tadbirkorni roʻyxatdan oʻtkazish jarayonining oʻzida:

  • elektron raqamli imzo beriladi;
  • bankda hisobraqam ochiladi;
  • xohishiga koʻra ijara shartnomasi rasmiylashtiriladi;
  • kassa apparati soliq organida roʻyxatdan oʻtkaziladi;
  • shu yoʻnalishga masʼul davlat organlariga xabarnoma joʻnatiladi.

Natijada bugungi kunda bir hafta vaqt oladigan jarayon atigi 15 daqiqada yakunlanadi.

Soliq xatolariga ega tadbirkorlarga amnitsiya

Prezident taʼkidlaganidek, bugungi kunda oʻtkazilgan soliq tekshiruvlari davomida 20 mingdan ortiq tadbirkorlarda 16 trillion soʻmlik xato va kamchiliklar aniqlangan. Bu esa minglab biznes vakillarining tadbirkorlik reytingidagi oʻrniga salbiy taʼsir qilmoqda. 

“Shu bois bugun oʻziga xos “amnistiya” eʼlon qilamiz, ushbu tekshirishlar boʻyicha jazo qoʻllanmaydi. Buning oʻrniga 1 noyabrgacha tadbirkorlarimizga barcha xato va kamchiliklarni ixtiyoriy toʻgʻirlash imkoni beriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, 1 noyabrdan boshlab biznes vakillari tadbirkorlik reytingini “toza sahifadan” boshlaydi”, — dedi Prezident.

Hisobotlarni soddalashtirish va jarimalar

Kelasi yildan yer, mol-mulk, ijtimoiy va daromad soliqlari boʻyicha hisobotlarni shakllantirish majburiyati tadbirkorlardan olinadi va bu vazifa soliqchilar zimmasiga oʻtadi. Soliq organlari hisobotlarni bepul toʻldiradi, tadbirkorlar esa 5 kun ichida unga tuzatish kiritish imkoniyatiga ega boʻladi

Bundan tashqari, hozirgi kunda kichik va yirik biznes subʼektlari kechiktirilgan hisobot uchun bir xil jarima toʻlamoqda, eng yomoni esa har bir hisobot turi uchun alohida jarima belgilanmoqda. Endi esa Soliq qoʻmitasiga 1 noyabrdan boshlab taqdim etilmagan yoki kechiktirilgan hisobotlar sonidan qatʼi nazar yagona jarima qoʻllash tizimini yaratish topshirildi. Shu bilan birga, kichik biznes uchun jarimalar miqdori uch baravar kamaytiriladi.

Aylanmadan 1 foiz soliq

Yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan barcha tadbirkorlar kelasi yil 1 yanvardan yagona tartibda aylanmadan 1 foiz soliq toʻlashga oʻtkaziladi. Bu kichik biznes uchun sezilarli yengillik yaratadi. 

Masalan, hozir aylanmasi 100 million soʻmgacha boʻlgan yakka tadbirkor yillik 12 million soʻmgacha qatʼiy soliq toʻlayotgan boʻlsa, kelasi yildan uning soliq yuki 1 million soʻmdan oshmaydi. Yoki aylanmasi 100 milliondan 1 milliard soʻmgacha boʻlgan tadbirkor ilgari 30–40 million soʻm soliq toʻlagan boʻlsa, endi uning soliq yuki 3–4 baravar kamayadi.

“Umuman, yaratilayotgan sharoitlar orqali yakka tadbirkorlar hisobida yiliga 1 trillion soʻm, tasavvur qilayapsizlarmi, 1 trillion soʻm qolayapti. Bu – kichik biznes uchun qoʻshimcha resurs, yakka tadbirkorlar oʻz biznesini keyingi bosqichga olib chiqishi uchun yana bir imkoniyat”, - dedi Prezident.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+