Prezident kredit olishdagi ortiqcha talablarni bekor qilishni topshirdi
Kredit olish uchun soʻralayotgan 102 turdagi hujjatning 53 tasi axborot tizimlarida mavjud, yana 22 tasi esa kreditga aloqasiz. Qashqadaryoni rivojlantirishga bagʻishlangan yigʻilishda Shavkat Mirziyoyev ushbu ortiqcha talablarni bekor qilish vazifasini qoʻydi.

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bagʻishlangan yigʻilishda banklar aholi va tadbirkorlar loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlashda amaliy natija koʻrsatishi zarurligini taʼkidladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Yigʻilishda kredit ajratishda garovdan tashqari, biznesning pul oqimi va aniq buyurtmalarini ham hisobga olish masalasiga eʼtibor qaratildi. Avvalroq Andijonda shu asosda 20 ta yangi moliyaviy mahsulot yaratish topshirilgan edi. Mazkur yondashuv Qashqadaryoda ham natija berishi kerakligi qayd etildi.
Banklar faoliyatini baholashda yaratilgan mahsulotlar soni emas, ular orqali qancha korxona mablagʻ olgani va biznesning oʻsishi asosiy mezon boʻladi.
Kreditlashdagi ortiqcha talablarni bekor qilish mahallalardagi tashabbuslarni moliyalashtirish hamda yangi ish oʻrinlari yaratishni tezlashtirishi kerakligi taʼkidlandi.









