Poytaxt bank’ni xususiylashtirish jarayoni toʻliq yakunlandi
Poytaxt bank AJ yagona aksiyadorining qarori bilan bank ustavi yangi tahrirda qabul qilindi va yangi tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi. Shuningdek, bankning avvalgi kuzatuv kengashi aʼzolari vakolatlari muddatidan oldin tugatilib, yangi aʼzolar saylandi.
2024 yil 31 dekabr kuni Poytaxt bank yagona aksiyadori – Bond Investments Limited LLC tomonidan bankning tashkiliy tuzilmasida bir qator oʻzgarishlar amalga oshirilgan.
Bankning ustavi yangi tahrirda qabul qilindi.
Kuzatuv kengashi tarkibi muddatidan avval tugatildi va yangi kuzatuv kengashi aʼzolari 3 yil muddatga saylandi.
- Bankda davlat ulushi yoʻqligi sababli, davlat ishtirokidagi korxonalar uchun belgilangan korporativ boshqaruv qoidalariga rioya qilish majburiyati bekor qilindi.
Shuningdek, yangi aksiyadorning qarori bilan kuzatuv kengashi tarkibiga quyidagi shaxslar kiritildi:
- Muhammad Vasim Hayata, Al Maryah Community Bank (2021 yilda BAAda tashkil etilgan) muassis-rahbari va operatsion direktori.
- Aftab Shaukat, Al Maryah Community Bank’ning raqamli operatsiyalar boʻyicha mutaxassisi.
- Farxod Shokirov, “Qurilish industriya hajimli uy-joy” MChJ direktori.
- Farrux Vahobov, Sunny Meals va Minor Tasty Food MChJlarda aksiyador (mos ravishda 100% va 50% ulushga ega).
Poytaxt bank haqida
2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Toshkent shahrida Poytaxt bank tashkil etilganini eʼlon qilgandi. Bank arzon koʻp kvartirali uylarni loyihalashtirish va qurish hamda ipoteka kreditlarini ajratish maqsadida tashkil qilingan. 2018 yil 29 dekabr kuni Markaziy bank tomonidan bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun litsenziya berilgan.
Boshlangʻich davrda bank ustav kapitali poytaxt mahalliy byudjetidan 3 milliard soʻm ajratish hisobiga tashkil etilib, yuridik va jismoniy shaxslar, jumladan, xorijiy investorlarni jalb qilish orqali 10 million yevrodan kam boʻlmagan mablagʻ shakllantirish rejalashtirilgan edi. Keyinchalik, bankning ustav kapitali 100 foiz poytaxt hokimiyati hisobidan 100 milliard soʻmga yetkazilgan.
Poytaxt bank xususiylashtirilish jarayoni
2021 yil may oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bankning ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni ommaviy savdolar orqali sotishni rejalashtirgan edi. Bitim doirasida Deloitte kompaniyasi konsultant sifatida tanlab olindi.
Keyinroq Rossiyaning Ekspobanki Poytaxt bank’ni xususiylashtirishni rejalashtirayotgani xabar qilingan. 30 sentabrga kelib Davaktiv bankni xususiylashtirish yuzasidan Ekspobank bilan kelishuv memorandumini imzoladi.
2023 yilga kelib, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov bankni sotish boʻyicha “ayrim strategik investorlar” bilan muzokaralar olib borilayotganini maʼlum qildi.
2023 yilning 1 sentabridan boshlab Oʻzbekistonda banklarning ustav kapitali kamida 200 mlrd soʻm boʻlishi kerakligi belgilangan boʻlishiga qaramay, 1 oktabr holatiga koʻra Poytaxt bank ustav kapitali minimal talablarga javob bermay kelayotgandi.
Oʻsha paytdagi Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov bankni sotish boʻyicha olib borilgan muzokaralar haqida quyidagicha izoh bergan edi:
“Biz uni ertaga sotib yuboradigan boʻlsak, shahar hokimligi u yerga 100 milliarddan kamroq mablagʻ kiritishidan nima maʼno? Shu pozitsiyadan kelib chiqib, bu bankka nisbatan ustav kapitali boʻyicha minimal talablarni kiritmadik”.
2023 yilning dekabr oyida Rossiyaning Ekspobanki AQSh sanksiyalariga uchradi. Xalqaro munosabatlarda yuzaga kelgan vaziyat sababli “Ekspobank” Poytaxt bank boʻyicha amaldagi kelishuv shartlarini bajara olmasligi inobatga olinib, bitim bekor qilindi.
2024 yil iyun oyida esa Poytaxt bank AJning 100 foiz aksiyalar paketini xususiylashtirish yuzasidan Birlashgan Arab Amirliklarining Bond Invesments Limited LLC kompaniyasi bilan 10 mln dollarlik kelishuvga erishilgani xabar qilindi.
Davaktiv tomonidan qayd etilishicha, Bond Investments Limited LLC taklifi boshqa talabgorlarning takliflaridan yuqori boʻlgan.
Keyinchalik, oktabr oyi oxiriga kelib, bitim shartlari bajarilib, bank BAAlik yangi egalariga sotilgani maʼlum boʻlgan edi.