12 048.840 so‘m

increase

62.280

13 741.700 so‘m

increase

50.050

152.880 so‘m

increase

0.790

12 048.840 so‘m

increase

62.280

Yaqin 9 daqiqa ichida
Bank
34

Payme yarim yilda 206 mlrd soʻm sof foyda oldi

Payme 2026 yilning birinchi yarmida asosiy moliyaviy koʻrsatkichlar boʻyicha oʻsish qayd etdi. Kompaniyaning tushumi 50,6 foizga, aktivlari 20 foizga, sof foydasi esa 23,6 foizga koʻpaydi. Biroq xarajatlarning tezroq oshishi hisobiga sof foyda marjasi 9,1 foiz punktga pasaydi.

Payme yarim yilda 206 mlrd soʻm sof foyda oldi
Foto: AI/Pinkod.uz

Payme 2026 yilning yanvar–iyun oylarida 205,9 mlrd soʻm sof foyda oldi. Bu 2025 yilning shu davridagi 166,6 mlrd soʻmga nisbatan 23,6 foizga koʻp. Bu haqda kompaniyaning choraklik hisobotida maʼlum qilingan.

Kompaniyaning tushumi bir yil ichida 327,1 mlrd soʻmdan 492,7 mlrd soʻmga yetdi. Oʻsish 50,6 foizni tashkil etdi.

Biroq xizmatlarni koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar tushumdan tezroq oshgan. Ular 86,5 mlrd soʻmdan 159,4 mlrd soʻmga yoki 84,2 foizga koʻpaygan.

Shunga qaramay, tushumdan bevosita xarajatlar chiqarib tashlangandan keyingi yalpi foyda 333,3 mlrd soʻmni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 38,6 foizga koʻp.

Payme’ning reklama, sotuv, boshqaruv va boshqa kundalik xarajatlari ham oshgan. Ularning umumiy miqdori 89,2 mlrd soʻmdan 115,1 mlrd soʻmga yetgan.

Xususan, sotish bilan bogʻliq xarajatlar 34,2 mlrd soʻmdan 60,8 mlrd soʻmgacha oshgan. Maʼmuriy xarajatlar esa aksincha, 36,3 mlrd soʻmdan 24 mlrd soʻmgacha kamaygan.

Kompaniyaning moliyaviy xarajatlari ham keskin koʻpaygan. Ular 243,8 mln soʻmdan 9,9 mlrd soʻmga yetgan. Shundan 9,7 mlrd soʻmi kredit va boshqa majburiyatlar boʻyicha foiz toʻlovlariga toʻgʻri keladi.

Bundan tashqari, foydadan toʻlangan soliqlar 2,7 mlrd soʻmdan 19,7 mlrd soʻmgacha oshgan. Shu sababli tushum 50,6 foizga koʻpaygan boʻlsa-da, sof foyda oʻsishi 23,6 foizni tashkil etdi.

Natijada kompaniyaning sof foyda marjasi bir yil ichida 50,9 foizdan 41,8 foizgacha pasaygan. Yaʼni Payme har 100 soʻmlik tushumdan oʻtgan yilning birinchi yarmida qariyb 51 soʻm sof foyda olgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 42 soʻmgacha kamaygan.

Payme aktivlari yil boshidan buyon 20 foizga koʻpayib, 863,8 mlrd soʻmga yetdi. Kompaniya hisobidagi pul mablagʻlari 623,5 mlrd soʻmni tashkil etib, jami aktivlarning 72,2 foiziga teng boʻlgan.

Shu bilan birga, kompaniyaning bir yil ichida toʻlashi kerak boʻlgan majburiyatlari 141,3 mlrd soʻmdan 204,5 mlrd soʻmga oshgan. Yetkazib beruvchi va pudratchilar oldidagi qarzdorlik esa 23,7 mlrd soʻmdan 66,7 mlrd soʻmga yetgan.

2025 yil yakunida Payme 769,7 mlrd soʻm tushum va 390,1 mlrd soʻm sof foyda olgan edi. Joriy yilning dastlabki olti oyida kompaniya oʻtgan yilgi yillik foydasining 52,8 foiziga teng daromad oldi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+