Pasayish: iyun oyida inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflyatsiya qanday oʻzgardi?
Iyun oyida Oʻzbekistonda inflyatsion kutilmalar pasayib, aholi orasida 13,2 foiz, tadbirkorlar orasida esa 11,8 foizni tashkil etdi. Sezilgan inflyatsiya ham 14,5 foizdan 13,4 foizga tushdi.
Oʻtkazilgan soʻrov natijalari daromadi yuqori boʻlganlar inflyatsiyani kam daromadlilarga qaraganda kuchliroq his qilganini koʻrsatmoqda.

2025 yil iyun oyida Oʻzbekiston aholisi va tadbirkorlik subʼektlari orasida inflyatsion kutilmalar oʻtgan oyga nisbatan pasayish bilan qayd etildi.
Aholi orasida inflyatsion kutilma oʻrtacha 13,2 foizni, tadbirkorlar orasida esa 11,8 foizni tashkil etdi. Bu may oyidagi koʻrsatkichlarga (aholi – 13,7%, tadbirkorlar – 12,9%) nisbatan pasayish boʻlib, umumiy iqtisodiy kayfiyatda ehtiyotkorlik bilan ijobiy oʻzgarish kuzatilayotganidan darak beradi.
Iyun iyul aholining inflyatsion kutilmalariga eng katta taʼsir koʻrsatgan omil sifatida ish haqi va nafaqalarning oshishi qayd etildi. Bu omilga urgʻu bergan respondentlar ulushi 22 foizdan 35 foizgacha oshdi. Ayni paytda, kommunal xizmatlar va valyuta kursi oʻzgarishi xavfi borasida xavotir bildirganlar soni kamaydi — kommunal xizmatlar – 57% dan 50% ga, valyuta kursi – 37% dan 27% gacha tushdi.

Inflyatsion kutilmalar hududlar kesimida ham turlicha shakllanmoqda. Eng yuqori koʻrsatkich Toshkent shahrida (15,2%), eng past daraja esa Navoiy viloyatida (12,0%) kuzatilgan. Demak, mamlakat poytaxtida narx oʻsishiga oid xavotirlar, boshqa hududlarga nisbatan ancha yuqori boʻlib qolmoqda. Bunga asosiy sabab sifatida Toshkent shahrida tovar va xizmatlar narxlari tezroq oʻzgarishi, ehtimol, daromadlar yuqoriligi va isteʼmol talabi kuchliroq boʻlishi mumkin.

Shuningdek, aholi orasida inflyatsion kutilmalar daromad miqdoriga bogʻliq holda ham farqlanmoqda. Oyiga 15 million soʻmdan ortiq daromadga ega boʻlganlar orasida kutilmalar 15,1 foizga yetgan boʻlsa, daromadsiz aholida bu koʻrsatkich 14,9 foizni tashkil qilgan.

2 mln soʻmgacha daromad topadigan aholi orasida esa inflyatsion kutilmalar eng past boʻlgan(12,2 foiz).
Sezilgan inflyatsiya
Aholi sezgan inflyatsiya — yaʼni narx oʻzgarishining shaxsiy tajriba asosida qabul qilingan koʻrinishi — ham may oyiga nisbatan biroz pasaygan.
Iyun oyida sezilgan inflyatsiya darajasi 13,4 foizni tashkil etdi (mayda 14,5 foiz boʻlgan edi).
Sezilgan inflyatsiya ham eng yuqori Toshkent shahrida (16,2%), eng past Navoiy viloyatida (11,0%) kuzatildi.

Shunga qaramay, asosiy tovarlar va xizmatlar boʻyicha narxlarning aholi eʼtiborini tortadigan darajada oʻsgani kuzatilgan. Jumladan, goʻsht va sut mahsulotlari, elektr va gaz, yoqilgʻi, dorilar, ijara haqi, maishiy xizmatlar va transport xarajatlari aholi tomonidan eng koʻp sezilgan inflyatsion bosim manbalari sifatida qayd etilgan.
Daromad darajasi oshgani sari sezilgan inflyatsiya ham ortib borgan: 15 million soʻmdan yuqori daromadga ega respondentlar orasida bu koʻrsatkich 16,5 foizni tashkil qilgan. Quyidagi infografikada bu batafsil keltirilgan:

Inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflyatsiyaning sohalar boʻyicha taqsimotiga nazar tashlasak, ishlab chiqarish va taʼlim/ilm-fan sohalarida faoliyat yuritayotganlar orasida eng yuqori kutilmalar va sezilgan inflyatsiya darajalari kuzatilmoqda. Savdo, turizm va sogʻliqni saqlash sohalarida esa bu koʻrsatkichlar ancha past.
