12 029.200 so‘m

decrease

-43.760

14 065.740 so‘m

decrease

-111.540

160.260 so‘m

decrease

-0.910

12 029.200 so‘m

decrease

-43.760

1 soat avval
Bank
19

O‘zLiDeP kartalar boʻyicha SMS-xabarnomalarni push-bildirishnomalar va messenjerlar bilan almashtirishni taklif qildi

Partiya bayonotiga koʻra, soʻnggi yillarda SMS-xabarnomalar narxining oshishi va ularning samaradorligi pasayib borayotgani fonida banklar hamda toʻlov tizimlarida muqobil — push-bildirishnomalar, messenjerlar va boshqa raqamli xabardor qilish vositalariga oʻtish zarur.

O‘zLiDeP kartalar boʻyicha SMS-xabarnomalarni push-bildirishnomalar va messenjerlar bilan almashtirishni taklif qildi
Foto: AI/Pinkod.uz

O‘zLiDeP SMS-xabarnomalarni push-bildirishnomalar va messenjerlar bilan almashtirishni taklif qildi. Tegishli bayonot partiyaning Telegram-kanalida eʼlon qilingan.

Soʻnggi uch yil ichida kiruvchi SMS-xabarnomalar narxi ikki baravarga oshib, 84,2 soʻmdan 168,4 soʻmga yetgan. Shu bilan birga, SMS orqali xabardor qilish samaradorligi pasaymoqda: xabarlar har doim ham oʻz vaqtida yetib bormaydi, uzatiladigan maʼlumot hajmi cheklangan, kiberxavfsizlik darajasi esa pastligicha qolmoqda.

“Ushbu sohadagi xorijiy tajriba shuni koʻrsatadiki, banklar va toʻlov tizimlari faqat bitta xabardor qilish tizimidan, jumladan SMS-xabarnomalardan bosqichma-bosqich voz kechmoqda. Xorijiy mamlakatlarda SMS oʻrniga aholiga arzon yoki mutlaqo bepul boʻlgan muqobil tizimlar — push va ilova ichidagi (in-app) bildirishnomalar, messenjerlar orqali xabar yuborish, shuningdek elektron pochta orqali ogohlantirishlar joriy etilmoqda”, — deyiladi bayonotda.

Masalan, Yevropa Ittifoqida push va in-app bildirishnomalar faol joriy etilmoqda. Yevropa banklari, jumladan Revolut, N26 va BNP Paribas deyarli toʻliq push-bildirishnomalarga oʻtgan boʻlib, ular orqali operatsiyalarni tasdiqlash va karta boʻyicha maʼlumotlarni olish yoʻlga qoʻyilgan. “Bu esa SMS-xabarnomalardagi zaifliklar orqali kod oʻgʻirlash holatlarini kamaytiradi”, — deya taʼkidlandi O‘zLiDePda.

Yevropa, Osiyo va Lotin Amerikasi mamlakatlarida messenjerlar orqali xabar yuborish ham keng qoʻllanmoqda. Singapurda esa xavfsiz raqamli tokenlar (Soft Token) tizimi joriy etilgan boʻlib, u yuqori xavfli operatsiyalar uchun bir martalik parollardan voz kechishni nazarda tutadi. Mazkur tizim bank ilovasi ichida generatsiya qilinadigan raqamli kalitlar orqali harakatlarni tasdiqlash imkonini beradi va mobil aloqaga bogʻliq emas.

“Xorijiy mamlakatlarda bunday yangiliklar banklarning operatsion xarajatlarini SMS-xabarnomalarga nisbatan 50–70 foizga kamaytirishga olib kelmoqda”, — deyiladi bayonotda.

O‘zLiDeP mazkur jihatlarni inobatga olib, quyidagi takliflarni ilgari surdi:

  • banklar va toʻlov tizimi operatorlariga, xorijiy tajribaga asoslangan holda, yuqori iqtisodiy samaradorlik va kiberxavfsizlik darajasiga ega muqobil xabardor qilish tizimlarini joriy etish majburiyatini yuklash;
  • bank kartalarini faollashtirish va ulardan foydalanishda faqat bitta turdagi xabarnoma bilan cheklanib qolish amaliyotidan voz kechish;
  • isteʼmolchiga bank kartasi boʻyicha operatsiyalarni kuzatish uchun xabarnoma turini mustaqil tanlash huquqini berish.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+