Oʻziga kredit berishni taqiqlaganlar soni bir yilda 19 baravarga koʻpaydi. Xizmatni qanday yoqish mumkin?
Oʻzbekistonda “Kreditga taqiq” xizmatidan foydalanuvchilar soni 2,84 mln kishiga yetdi. Bir yil ichida ularning soni qariyb 2,7 mln nafarga koʻpaygan. Xizmatni bepul yoqish va zarur boʻlganda oʻchirish mumkin.

2026-yil 1-oktabr holatiga 2 841 475 nafar jismoniy shaxs oʻz nomiga kredit rasmiylashtirilishiga taqiq qoʻygan. Bu haqda KATM kredit byurosi xabar berdi.
Oʻtgan yilning shu sanasida xizmatga 149 465 kishi ulangan edi. Shu tariqa, bir yilda foydalanuvchilar soni 2 692 010 nafarga koʻpayib, avvalgi koʻrsatkichdan qariyb 19 baravarga yetgan.
Xizmatdan foydalanayotganlarning 1 656 387 nafari erkaklar, 1 185 088 nafari ayollardir. Ularning jami foydalanuvchilar tarkibidagi ulushi tegishlicha 58,3 foiz va 41,7 foizni tashkil etadi.
“Kreditga taqiq” shaxs nomidan yangi kredit bitimi tuzilishini cheklashga xizmat qiladi. Bu shaxsiy maʼlumotlardan ruxsatsiz foydalanib kredit rasmiylashtirish xavfini kamaytirishga yordam beradi. Fuqaro kredit olishga qaror qilsa, taqiqni mustaqil ravishda olib tashlashi mumkin.
Xizmatni qanday yoqish mumkin?
Taqiqni masofadan turib uchta usulda faollashtirish mumkin:
- “KATM” mobil ilovasida: bosh sahifadan “Kreditga taqiq” xizmatini tanlab, faollashtirish orqali.
- Kredit byurosi saytida: shaxsiy kabinetga kirib, tegishli xizmatni tanlash orqali.
- My.gov.uz portali yoki mobil ilovasida: akkauntga kirib, “Kredit bitimini tuzishga taqiq qoʻyish yoki taqiqni olib tashlash” xizmatini tanlash orqali.
My.gov.uz orqali xizmatdan foydalanishda qoʻshimcha hujjat talab qilinmaydi, jarayon avtomatik amalga oshiriladi. Kredit olish zarurati tugʻilganda shu xizmat orqali taqiqni bekor qilish, keyin esa qayta faollashtirish mumkin.
Onlayn usuldan foydalana olmaydiganlar Davlat xizmatlari markazlari yoki KATM kredit byurosiga shaxsan murojaat qilib, taqiqni yoqishi yoki oʻchirishi mumkin. Xizmat bepul.









