Oʻzbekistonliklar eng koʻp qaysi bankdan kredit olgan? – 2026 yil holatiga koʻra
Pinkod oʻzbekistonliklar eng koʻp qaysi banklardan kredit olishini tahlil qildi.

2026 yil 1 yanvar holatiga koʻra, yil yakunida Oʻzbekiston bank tizimining jami kredit portfeli 604 trln soʻmni tashkil etdi.
Bu koʻrsatkich AQSh dollarida qariyb 50,3 mlrd dollarga teng. Bir yil davomida tijorat banklarining kredit portfeli 70,9 trln soʻmga yoki 13 foizga oshdi.
Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi 202,3 trln soʻmga yetdi. Shundan 79,4 trln soʻmi ipoteka kreditlari, 69,1 trln soʻmi esa mikroqarzlar hissasiga toʻgʻri keladi. Soʻnggi bir yil ichida oʻzbekistonliklar olgan mikroqarzlar hajmi 63 foizga koʻpaydi.
Pinkod oʻzbekistonliklar eng koʻp qaysi banklardan kredit olishini tahlil qildi. Roʻyxat jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi asosida shakllantirildi.
1. Ipoteka bank — 27,8 trln soʻm
Ipoteka bankning jami kredit portfeli 35,4 trln soʻmni tashkil etadi. Shundan 27,8 trln soʻmi aholiga ajratilgan kreditlar hissasiga toʻgʻri keladi. Soʻnggi bir yil ichida ushbu koʻrsatkich 4 trln soʻmdan koʻproqqa oshgan.
Bank umumiy kredit portfeli boʻyicha yetakchi boʻlmasa-da, aholiga kredit berish hajmi boʻyicha mamlakatda birinchi oʻrinda turadi.
2. Xalq banki — 23,6 trln soʻm
Xalq bankining jami kredit portfeli 33,6 trln soʻmni tashkil etadi. Uning 70,1 foizi, yaʼni 23,6 trln soʻmi aholiga ajratilgan kreditlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Bank ijtimoiy yoʻnaltirilgan kreditlar, isteʼmol kreditlari hamda pensiya xizmatlari bilan mashhur. Xalq banki Oʻzbekistonning eng qadimgi moliyaviy institutlaridan biri boʻlib, uning tarixi XIX asr oxiriga borib taqaladi.
3. Oʻzmilliybank — 22,3 trln soʻm
“Oʻzmilliybank” mamlakatdagi eng yirik kredit portfeliga ega bank hisoblanadi — 116,1 trln soʻm. Biroq portfelning asosiy qismi yuridik shaxslarga ajratilgan (83,1 trln soʻm).
Aholiga berilgan kreditlar hajmi 22,3 trln soʻmni tashkil etadi. Iyun oyidagi tahlilda bank Xalq bankidan keyin 3-oʻrinni egallagan edi.
4. Kapitalbank — 19,9 trln soʻm
Kapitalbankning jami kredit portfeli 36,3 trln soʻmni tashkil qiladi. Portfel nisbatan muvozanatlashgan boʻlib, uning:
- 19,9 trln soʻmi (54,9%) jismoniy shaxslarga,
- 16,4 trln soʻmi tadbirkorlarga ajratilgan.
5. Agrobank — 16,5 trln soʻm
Agrobank 2025 yilda kredit portfeli boʻyicha eng tez oʻsayotgan banklardan biri boʻldi. Bankning jami kredit portfeli 64,9 trln soʻmga yetib, uni mamlakatda ikkinchi eng yirik bankga aylantirdi.
Aholiga berilgan kreditlar hajmi bir yil ichida 7,2 trln soʻmga oshib, 16,5 trln soʻmni tashkil etdi.

6. Biznesni rivojlantirish banki — 13,66 trln soʻm
Bankning jami kredit portfeli 24,55 trln soʻmni tashkil etadi. Shundan:
- 13,66 trln soʻmi aholiga,
- 10,9 trln soʻmi yuridik shaxslarga berilgan.
Bir yil davomida aholiga ajratilgan kreditlar hajmi 2 trln soʻmga oshgan.
7. Asaka bank — 12,86 trln soʻm
Asaka bank jami kredit portfeli boʻyicha bank tizimida 4-oʻrinda turadi — 41,5 trln soʻm. Biroq bank kreditlarining asosiy qismi tadbirkorlarga toʻgʻri keladi.
Aholiga berilgan kreditlar hajmi 12 trln 861 mlrd soʻmni tashkil etadi.
8. Oʻzsanoatqurilishbank — 9,7 trln soʻm
Oʻzsanoatqurilishbank 2025 yilda kredit portfeli boʻyicha ikkinchi yirik bank edi. Biroq joriy yilda Agrobank undan oʻzib ketdi.
Hozirda bankning jami kredit portfeli 64,9 trln soʻmni, aholiga ajratilgan kreditlar esa 9,7 trln soʻmni tashkil etadi.
9. TBC Bank — 9,17 trln soʻm
TBC Bank Oʻzbekistonda mikroqarzlar boʻyicha yetakchi banklar qatoriga kiradi. Bankning jami kredit portfeli 10,3 trln soʻm boʻlsa, shundan 9,17 trln soʻmi aholiga ajratilgan.
10. Hamkorbank — 8,6 trln soʻm
Hamkorbank xususiy banklar orasida eng yirik kredit portfeliga ega banklardan biri hisoblanadi. Bankning jami kredit portfeli 23,96 trln soʻmni tashkil etib, aholiga berilgan kreditlar hajmi 8 trln 621 mlrd soʻmga teng.









