Oʻzbekistonliklar daromadi qanday oʻzgarmoqda?
2025 yilning yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekiston aholisining umumiy daromadlari 825,3 trln soʻmga yetdi. Inflyatsiya taʼsiri hisobga olinganda real oʻsish 8,4 foizni tashkil etdi. Hududlar kesimida Toshkent shahri aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadlar boʻyicha yetakchilik qilgan boʻlsa, Fargʻona viloyatida daromadlarning eng tez oʻsishi kuzatildi.

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida aholining umumiy daromadlari 825,3 trln soʻmni tashkil etdi.
Oʻtgan yilning mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining nominal oʻsishi 18,4 %, inflyatsiya taʼsi hisobga olganda esa real oʻsishi 8,4 % boʻldi.
Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan umumiy daromad 21,8 mln soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich boʻyicha nominal oʻsish 16,1 %, real oʻsish esa 6,3 % etib qayd etildi.
Hududlar boʻyicha farqlar
Respublika boʻyicha aholi jon boshiga umumiy daromad 21,8 mln soʻm (real oʻsish — 5,9 %) boʻldi. Hududlar kesimida eng yuqori daromad Toshkent shahrida kuzatildi — 52 mln soʻm (real oʻsish — 10,3 %). Bu natija deyarli barcha hududlardagi koʻrsatkichlardan ikki baravar yuqori.
Toshkentdan keyingi oʻrinlarda quyidagi hududlar yetakchilik qildi:
- Navoiy viloyati — 32,1 mln soʻm,
- Buxoro viloyati — 26 mln soʻm,
- Xorazm viloyati — 22,8 mln soʻm,
- Toshkent viloyati — 21,9 mln soʻm.
Eng past koʻrsatkichlar esa quyidagi hududlarda qayd etildi: Qoraqalpogʻiston Respublikasi (14,8 mln soʻm), Namangan (15,8 mln), Surxondaryo (16,5 mln), Qashqadaryo (17 mln), Jizzax (17,1 mln), Sirdaryo (17,2 mln), Samarqand (18,1 mln), Fargʻona (18,5 mln) va Andijon (19,4 mln soʻm).
Reallikda daromadlarning eng tez oʻsishi Fargʻona viloyati (13,4 %), Toshkent shahri (10,3 %)da kuzatildi.
Aholi daromadlari manbalari
Aholi daromadlarining asosiy qismini mehnat faoliyatidan olingan daromadlar tashkil etdi. 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida ularning ulushi 59,9 % ni tashkil etdi.
Daromadlar tarkibi quyidagicha shakllandi:
- Mehnat faoliyatidan olingan daromadlar — 59,9 %,
- Shaxsiy isteʼmol uchun ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlardan olingan daromadlar — 6,6 %,
- Mol-mulkdan olingan daromadlar — 3,3 %,
- Transferlardan olingan daromadlar — 30,2 %.
Hududlar kesimida mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning eng yuqori ulushi Navoiy viloyati (78,0 %) da qayd etildi. Aksincha, Fargʻona, Xorazm, Samarqand, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahri va Namangan viloyatida bu ulush respublika oʻrtacha darajasidan past boʻldi.
Toshkent shahrida mol-mulk va shaxsiy ishlab chiqarish daromadlarining ulushi sezilarli — 20,5 % ni tashkil etdi.
Transferlar ulushi Fargʻona, Andijon, Xorazm, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Namangan viloyatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 30 % dan yuqori boʻldi, Navoiy viloyatida esa eng past 13,9 foizni tashkil qildi.
Yollanma ishchilar daromadlari
Hisobot davrida yollanma ishchilar daromadlari umumiy daromadlarning 26,1 % ini tashkil etdi. Ularning oʻsish surʼati 21,7 % ni tashkil qilib, umumiy daromadlarning nominal hajmini 5,5 % ga oshirdi.
Hududlar kesimida Toshkent shahri va Navoiy viloyati yollanma ishchilar daromadlari ulushi va oʻsish surʼati boʻyicha yetakchilik qildi.
Mustaqil mehnat faoliyatidan daromadlar
Mustaqil bandlikdan olingan daromadlar oʻtgan yilga nisbatan 15,3 % ga oʻsdi va umumiy daromadlarning nominal hajmiga 5,3 % li hissa qoʻshdi.
Eng yuqori ulush Jizzax viloyatida (51,8 %), undan keyin Toshkent viloyati (44,6 %) va Buxoro viloyati (43,9 %) qayd etildi.
Transferlartdan olingan daromadlar
Transfertlardan olingan daromadlar ham muhim manba boʻlib, ular ijtimoiy transferlar va boshqa joriy transfertlardan iborat.
2025 yil yanvar–sentabr oylarida transfertlardan olingan daromadlarning nominal oʻsishi 122,2 %, ularning umumiy daromadlardagi ulushi esa 30,2 % ni tashkil etdi.
Transfertlarning 28,6 % i ijtimoiy toʻlovlarga, 71,4 foizi boshqa joriy transfertlarga toʻgʻri keldi.
Ijtimoiy transfertlar tarkibida:
- pensiyalar — 84,6 %,
- nafaqalar — 13,6 %,
- stipendiyalar — 1,8 % ni tashkil etdi.
Bundan tashqari, xorijdan kelgan pul oʻtkazmalari aholining umumiy daromadlari tarkibida 21,5 % ulushni tashkil etdi.









