Oʻzbekistonga xorijdan pul oʻtkazmalari 13 foizga oshdi
2026 yilning birinchi choragida Oʻzbekistonga xorijdan pul oʻtkazmalari hajmi 3,79 mlrd dollarni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 13 foizga oshdi.

Joriy yilning birinchi choragida Oʻzbekistonga xorijdan pul oʻtkazmalari hajmi sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozori sharhida maʼlum qilindi.
2026 yil yanvar–mart oylarida mamlakatga xalqaro pul oʻtkazmalari orqali jami 3,79 mlrd dollar mablagʻ kelib tushgan. Bu koʻrsatkich 2025 yilning mos davriga nisbatan 13 foizga yoki 433 mln dollarga koʻpdir.
Yil boshida oʻtkazmalar hajmi 1,23 mlrd dollarni tashkil etgan boʻlsa, fevral oyida biroz pasayish kuzatilgan. Mart oyiga kelib esa oʻsish yana tiklanib, oʻtkazmalar hajmi 1,34 mlrd dollarga yetgan.
Shu bilan birga, birinchi chorakda Oʻzbekistondan xorijga 604 mln dollar miqdorida mablagʻ yuborilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 39 mln dollarga kamdir.
2025 yilda Oʻzbekistonga xorijdan jami 18,9 mlrd dollar miqdorida pul oʻtkazmalari amalga oshirilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 4,1 mlrd dollar yoki 28 foizga koʻpdir.
Xususan, Buyuk Britaniyadan kelgan transfertlar 39 foizga, Yevropa Ittifoqi davlatlaridan esa 37 foizga oshgan.
Eʼtiborlisi, banklar orqali amalga oshirilgan pul oʻtkazmalari hajmi 49 foizga qisqargan. Aksincha, karta orqali karta (P2P) oʻtkazmalar hajmi 1,4 baravarga oshib, 8,6 mlrd dollarga yetgan.









