Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalarida Rossiyaning ulushi kamaydi
2026 yilning birinchi choragida Oʻzbekistonga xorijdan yuborilgan pul oʻtkazmalari 13 foizga oshib, 3,8 mlrd dollarga yetdi.
Shu bilan birga, Rossiyaning jami oʻtkazmalardagi ulushi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha kamayib, boshqa davlatlarning hissasi oshdi.
Rossiyada patent asosida ishlayotgan oʻzbekistonliklar soni esa yillik hisobda 1,8 foizga qisqarib, 1,34 mln nafarni tashkil etdi.

2026 yilning birinchi choragida Oʻzbekistonga xorijdan yuborilgan pul oʻtkazmalari 3,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga koʻp.
Markaziy bankning Mehnat bozori sharhiga koʻra, joriy yilning yanvar–mart oylarida Rossiyadan kelib tushgan pul oʻtkazmalarining jami oʻtkazmalardagi ulushi 72,4 foizni tashkil etgan. Bir yil avval bu koʻrsatkich 77,6 foiz edi. Shunday qilib, Rossiyaning ulushi bir yil ichida 5,2 foiz bandga qisqargan.
Markaziy bank buni Rossiyada mehnat migrantlari uchun patent toʻlovlarining oshishi, mart oyida rublning nisbatan qadrsizlanishi hamda oʻzbekistonlik migrantlar yoʻnalishlarining kengayishi bilan izohlagan.
Rossiyaning ulushi qisqarishi fonida boshqa mamlakatlardan kelayotgan pul oʻtkazmalari hissasi oshgan. Xususan, Qozogʻistonning ulushi 1 foiz bandga koʻpayib, 4,1 foizga, Yevropa davlatlarining ulushi ham 1 foiz bandga oshib, 3,3 foizga yetgan.
Janubiy Koreyaning ulushi 0,6 foiz bandga koʻpayib, 4,1 foizni tashkil etgan. Boshqa davlatlarning jami ulushi esa 2,6 foiz bandga oshib, 16,2 foizga yetgan.
Rossiyada ishlayotgan oʻzbekistonliklar soni kamaydi
Pul oʻtkazmalari geografiyasidagi oʻzgarishlar mehnat migratsiyasi yoʻnalishlarida ham aks etmoqda.
2026 yilning birinchi choragida Rossiyada patent asosida ishlayotgan Oʻzbekiston fuqarolari soni 1,34 mln nafarni tashkil etgan. Bu oldingi chorakka nisbatan 8,8 foiz, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan esa 1,8 foizga kam.
Ayni paytda Turkiya va Janubiy Koreya yoʻnalishlarida oʻsish davom etgan. Turkiyada rasmiy ruxsatnoma asosida boʻlib turgan oʻzbekistonliklar soni qariyb 70 ming nafarga yetib, bir yil ichida 14 foizga oshgan.
Janubiy Koreyada boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari soni esa birinchi chorak yakuniga koʻra 99,6 ming nafarga yetgan. Markaziy bank ushbu yoʻnalishda barqaror oʻsish davom etayotganini qayd etgan, biroq aniq oʻsish surʼati keltirilmagan.
Shuningdek, yilning dastlabki uch oyida xorijga chiqqan Oʻzbekiston fuqarolari soni 1,63 mln nafarni tashkil etib, yillik hisobda 11,6 foizga oshgan. Havo transportida tashilgan yoʻlovchilar soni esa 2,25 mln nafarga yetib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 32 foiz koʻpaygan.









