12 006.390 so‘m

decrease

-28.870

13 765.330 so‘m

increase

54.760

150.440 so‘m

decrease

-1.020

12 006.390 so‘m

decrease

-28.870

22 daqiqa avval
Bozor
22

Oʻzbekistonda yarim yilda koʻchmas mulk bitimlari soni 25 foizga oʻsdi

2026 yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonda 171 mingdan ortiq koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimi tuzildi. Iyun oyining oʻzida bitimlar soni 25 mingdan oshib, mayga nisbatan 23 foizga koʻpaydi. Yarim yillik hisobda eng yuqori oʻsish Sirdaryo viloyati, Toshkent shahri va Navoiy viloyatida qayd etildi. 

Oʻzbekistonda yarim yilda koʻchmas mulk bitimlari soni 25 foizga oʻsdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga koʻra, 2026 yilda koʻchmas mulk bozoridagi faollik sezilarli darajada oshgan. Mart oyidagi yuqori koʻrsatkichdan keyin aprel va mayda bitimlar soni qisqargan boʻlsa-da, iyunda bozor yana oʻsishga qaytgan.

Iyun oyida respublika boʻyicha 25 mingdan ortiq koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilgan. Bu may oyiga nisbatan 23 foizlik oʻsishni anglatadi.

Shu bilan birga, bitimlar soni 2025 yil iyuniga nisbatan 20,4 foizga, 2024 yilning mos oyiga nisbatan esa 24,9 foizga yuqori boʻlgan. Bu bozor faolligi nafaqat bir oylik pasayishdan tiklanganini, balki soʻnggi ikki yildagi iyun koʻrsatkichlaridan ham ancha yuqori darajaga chiqqanini koʻrsatadi.

Oylik hisobda eng yuqori oʻsish Buxoro viloyatida qayd etilgan — bu hududda bitimlar soni may oyiga nisbatan 50,1 foizga koʻpaygan. Navoiy viloyatida oʻsish 41,5 foizni, Samarqand viloyatida esa 31,8 foizni tashkil etgan.

Andijon viloyatida faollik 17,9 foizga, Toshkent viloyatida 12,2 foizga oshgan. Xorazm viloyatida esa oʻsish nisbatan past boʻlib, 0,9 foizni tashkil etgan. Shunga qaramay, iyunda respublikaning barcha hududlarida bitimlar soni koʻpaygan.

Yillik dinamikada eng yuqori oʻsish Toshkent shahrida kuzatilgan. Poytaxtda koʻchmas mulk bitimlari soni 2025 yil iyuniga nisbatan 35,7 foizga oshgan.

Keyingi oʻrinlarni Sirdaryo viloyati 26,9 foiz, Navoiy viloyati 26,3 foiz va Qoraqalpogʻiston Respublikasi 23,3 foizlik oʻsish bilan egallagan. Jizzaxda oʻsish 5,7 foizni, Fargʻonada 3,6 foizni, Toshkent viloyatida esa 3,3 foizni tashkil etgan.

Iyun oyidagi barcha oldi-sotdi bitimlarining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri kelgan. Poytaxtda bir oyda 7,8 mingta bitim tuzilgan boʻlib, bu respublika boʻyicha umumiy koʻrsatkichning 30,8 foizini tashkil etadi.

Birinchi yarim yillik yakunlariga koʻra, respublikada koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 171 mingtadan oshgan. Bu oʻtgan yilning mos davridagi qariyb 136,5 mingta bitimga nisbatan 34,5 mingtaga yoki 25,3 foizga koʻp.

Yarim yillik hisobda ham barcha hududlarda ijobiy dinamika saqlangan. Eng yuqori oʻsish Sirdaryo viloyatida qayd etilib, bitimlar soni 36,4 foizga koʻpaygan. Toshkent shahrida oʻsish 34,9 foizni, Navoiy viloyatida esa 30 foizni tashkil etgan.

Nisbatan past oʻsish Xorazm viloyatida 16,7 foiz, Buxoro viloyatida 15,4 foiz va Fargʻona viloyatida 12,1 foiz darajasida boʻlgan. Biroq eng past koʻrsatkich qayd etilgan Fargʻonada ham bitimlar soni oʻtgan yilga nisbatan ikki xonali surʼatda oshgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+