Oʻzbekistonda xususiy banklar davlat banklaridan ikki baravar tezroq oʻsmoqda
Oʻzbekistonda davlat ulushi boʻlmagan banklar aktivlari bir yil ichida 29 foizga oshib, 386 trln soʻmga yetdi. Davlat ulushi mavjud banklarda oʻsish 14 foizni tashkil qilgan. Natijada davlat banklarining bank tizimi aktivlaridagi ulushi bir yilda qariyb 3 foiz punktga kamayib, 62 foizgacha tushgan.

Oʻzbekiston bank tizimida davlat ulushi boʻlmagan banklar aktivlar va kreditlar boʻyicha davlat banklariga qaraganda tezroq oʻsmoqda.
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil 1 avgust holatiga tijorat banklarining jami aktivlari 1 016,6 trln soʻmni tashkil qilgan. Bir yil avval bu koʻrsatkich 852,4 trln soʻm edi. Shu tariqa, bank tizimi aktivlari bir yil ichida 164,2 trln soʻmga yoki 19,3 foizga oshgan.
Biroq oʻsish davlat va boshqa banklar oʻrtasida bir xil taqsimlanmagan.
Davlat ulushi mavjud banklarning aktivlari 2025 yil 1 avgustdagi 553,1 trln soʻmdan 630,6 trln soʻmga yetgan. Bu 14 foizlik oʻsishni anglatadi.
Markaziy bank tasnifidagi “boshqa banklar”, yaʼni davlat ulushi mavjud boʻlmagan banklarda esa aktivlar 299,2 trln soʻmdan 386 trln soʻmga oshgan. Oʻsish qariyb 29 foizni tashkil qilgan — bu davlat banklaridagi surʼatdan ikki baravardan koʻproq.
Natijada bank tizimi tarkibidagi nisbat ham asta-sekin oʻzgarmoqda. Bir yil avval jami aktivlarning 64,9%i davlat ulushi mavjud banklarga tegishli boʻlgan boʻlsa, 2026 yil 1 avgustga kelib bu ulush 62 foizgacha kamaygan.
Davlat ulushi boʻlmagan banklarning ulushi esa shu davrda 35,1 foizdan 38 foizgacha koʻtarilgan. Yaʼni bir yilning oʻzida aktivlar bozorining qariyb 3 foiz punkti davlat banklaridan boshqa banklar tomon siljigan.
Kreditlashda tafovut bundan ham katta.
Davlat banklarining kredit portfeli bir yil ichida 392,5 trln soʻmdan 421,9 trln soʻmga oshgan. Bu atigi 7,5 foizlik oʻsish.
Davlat ulushi boʻlmagan banklarda esa kreditlar 183,8 trln soʻmdan 222,7 trln soʻmga yetgan yoki 21,2 foizga koʻpaygan. Shu tariqa, bu banklarda kredit portfeli davlat banklarinikidan qariyb 2,8 baravar tezroq oʻsgan.
Buning natijasida davlat banklarining jami kreditlardagi ulushi ham 68,1 foizdan 65,5 foizgacha tushgan. Davlat ulushi boʻlmagan banklarning hissasi esa 31,9 foizdan 34,5 foizgacha oshgan.
Shunga qaramay, kreditlash bozorida davlat banklarining ustunligi aktivlardagiga nisbatan ham yuqori boʻlib qolmoqda. Hozir ham Oʻzbekistondagi har 100 soʻmlik bank kreditining qariyb 65,5 soʻmi davlat ulushi mavjud banklar hissasiga toʻgʻri keladi.
Depozitlarda esa manzara boshqacha. Davlat va boshqa banklarda depozitlar deyarli bir xil surʼatda oʻsgan.
Davlat banklaridagi depozitlar 185,5 trln soʻmdan 248,2 trln soʻmga, yaʼni 33,8 foizga oshgan. Boshqa banklarda esa depozitlar 174,9 trln soʻmdan 234,4 trln soʻmga yetib, 34,1 foizga koʻpaygan.
Natijada depozit bozori aktivlar va kreditlarga qaraganda ancha teng taqsimlangan. 2026 yil 1 avgust holatiga jami depozitlarning 51,4 foizi davlat banklarida, qolgan 48,6 foizi esa boshqa banklarda saqlangan.
Umuman, Oʻzbekiston banklaridagi depozitlar bir yil ichida 360,4 trln soʻmdan 482,7 trln soʻmga yoki qariyb 34 foizga oshgan. Kredit portfeli esa shu davrda 576,2 trln soʻmdan 644,6 trln soʻmga, yaʼni 11,9 foizga koʻpaygan.
Depozitlarning kreditlardan ancha tezroq oʻsishi bank tizimining kreditlarga nisbatan ichki resurs bazasini yaxshilagan. Jami kreditlarning depozitlarga nisbati bir yil ichida 160 foizdan 134 foizgacha pasaygan.
Bu oʻzgarish davlat banklarida ayniqsa sezilarli. Ularda kreditlarning depozitlarga nisbati 212 foizdan 170 foizgacha tushgan. Davlat ulushi boʻlmagan banklarda esa koʻrsatkich 105%dan 95 foizgacha pasaygan.









