11 797.460 so‘m

increase

22.540

13 608.370 so‘m

increase

20.110

139.770 so‘m

increase

0.600

11 797.460 so‘m

increase

22.540

Yaqin 2 daqiqa ichida
Bank
64

Oʻzbekistonda xalqaro pul oʻtkazmalari uchun milliy platforma yaratish taklif etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyadagi vatandoshlar bilan uchrashuvida Oʻzbekistondagi barcha banklarni yagona tizimga birlashtiradigan milliy moliyaviy platforma yaratish taklif qilindi. 

Platforma orqali xalqaro pul oʻtkazmalari va boshqa fintex xizmatlarini yoʻlga qoʻyib, kelajakda Markaziy Osiyodagi moliyaviy oqimlarning bir qismini Oʻzbekiston orqali oʻtkazish taklif etilmoqda. 

Prezident gʻoyani Markaziy bank bilan birga ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berdi.

Oʻzbekistonda xalqaro pul oʻtkazmalari uchun milliy platforma yaratish taklif etildi

Taklifni Janubiy Koreyada faoliyat yuritayotgan oʻzbekistonlik Begzodjon Istamov bildirdi. Uning fikricha, Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoning zamonaviy moliyaviy markaziga aylantirish uchun mamlakatdagi barcha banklarni yagona infratuzilmaga bogʻlaydigan milliy platforma yaratish kerak.

Platforma Markaziy bank nazorati ostida ishlashi hamda pul oʻtkazmalari va boshqa fintex xizmatlarini bitta tizimda birlashtirishi taklif qilindi.

Istamov MoneyGram va Western Union kabi xalqaro pul oʻtkazmalari tizimlarini misol qilib keltirdi. Uning taklifiga koʻra, Oʻzbekiston ham shunga oʻxshash oʻz milliy platformasini yaratib, xizmatlarni keyinchalik nafaqat ichki bozorga, balki butun Markaziy Osiyoga taklif qilishi mumkin.

Bunda asosiy maqsad xorijdan Oʻzbekistonga pul yuborish uchun yana bir xizmat yaratish emas. Taklif Oʻzbekiston orqali mintaqaviy pul oʻtkazmalari va boshqa moliyaviy xizmatlarni amalga oshirish imkonini beradigan kengroq infratuzilmani shakllantirishni nazarda tutadi.

Shavkat Mirziyoyev Istamovning taklifidan soʻng uning aloqa maʼlumotlarini yozib olishni va masalani Markaziy bank raisi Timur Ishmetov bilan birgalikda ishlab chiqishni aytdi.

Prezident, shuningdek, Istamovga Koreyada orttirgan tajribasidan foydalanib, milliy platforma boʻyicha taklif tayyorlash va loyihaga oʻzi bosh boʻlishni taklif qildi.

Gap milliardlab dollarlik bozor haqida ketmoqda

Bunday platforma uchun eng yirik yoʻnalishlardan biri xalqaro pul oʻtkazmalari bozori boʻlishi mumkin.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonga xorijdan 9,3 mlrd dollar pul oʻtkazilgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 foiz yoki qariyb 1,1 mlrd dollarga koʻp.

Ayni paytda pul yuborish usullari ham tez oʻzgarmoqda. Yanvar–iyun oylarida xorijdan kelgan mablagʻlarning 51,7 foizi yoki 4,8 mlrd dollari toʻgʻridan-toʻgʻri bank kartalariga P2P oʻtkazmalari orqali kelib tushgan. Ushbu kanal orqali tushum bir yil ichida 32 foizga oshgan.

Taqqoslash uchun, 2025 yilda Oʻzbekistonga jami 18,9 mlrd dollar pul oʻtkazilgan. Shundan 9,9 mlrd dollari anʼanaviy xalqaro pul oʻtkazmalari tizimlari orqali, yana 8,6 mlrd dollari kartalarga toʻgʻridan-toʻgʻri P2P shaklida kelib tushgan.

Shu tariqa, gap Oʻzbekiston uchun allaqachon oʻnlab milliard dollarlik bozorga aylangan moliyaviy oqim haqida ketmoqda. Agar milliy platforma xalqaro bozorda ishlay boshlasa, ushbu tranzaksiyalarning bir qismini mahalliy infratuzilma orqali qayta ishlash imkoniyati paydo boʻlishi mumkin.

Markaziy bank ham shunga yaqin infratuzilma ustida ishlamoqda

Istamovning taklifi Oʻzbekistonda toʻlov infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha boshlangan loyihalar bilan hamohang.

Markaziy bank va Visa 2026 yil yanvardagi muzokaralarda milliy toʻlov “switch” tizimini yaratish, yagona QR standartlarini joriy etish, Open Banking va hisobdan hisobga (A2A) pul oʻtkazmalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.

Regulyator Oʻzbekistonni mintaqaviy fintex markazlaridan biriga aylantirish maqsadini ham bildirgan.

Avgust oyida Markaziy bank Tencent bilan Oʻzbekistonning yagona QR tizimini xorijiy toʻlov ekotizimlariga ulash imkoniyatlarini muhokama qildi. Bunday integratsiya xorijliklarga Oʻzbekistonda oʻzlari foydalanadigan ilovalar orqali toʻlov qilish, oʻzbekistonliklarga esa xorijda QR orqali hisob-kitob qilish imkonini berishi mumkin.

Ant Group bilan muzokaralarda esa transchegaraviy toʻlovlar va fintex xizmatlarini rivojlantirish hamkorlikning alohida yoʻnalishlaridan biri sifatida koʻrib chiqilgan.

Bundan tashqari, avgust oyida Toshkentda oʻtgan Silk Road Finance & Technology Forum’da Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoning moliya va texnologiya “darvozasi”ga aylantirish maqsadi eʼlon qilingan. Milliy fintex strategiyasi doirasida sohaga 1 mlrd dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Shu sabab Koreyadagi uchrashuvda bildirilgan taklif mutlaqo yangi infratuzilmani noldan yaratishdan koʻra, Oʻzbekistonda shakllanayotgan toʻlov ekotizimini xalqaro va mintaqaviy darajaga olib chiqish gʻoyasiga yaqin.

Biroq bunday platformaning MoneyGram yoki Western Union kabi xalqaro tizimlarga real muqobil boʻlishi uchun faqat Oʻzbekiston banklarini birlashtirish yetarli emas. Xorijiy banklar va toʻlov tizimlari bilan integratsiya, valyutalararo hisob-kitoblar, komissiyalar, mijozlarni identifikatsiya qilish hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi nazorat mexanizmlari ham zarur boʻladi.

Hozircha platformaning nomi, ishga tushirish muddati, biznes modeli va texnik arxitekturasi maʼlum qilinmagan. 

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+