Oʻzbekistonda taksistlar oʻrtacha qancha pul topadi?
2025 yilda Oʻzbekistonda taksi agregatorlari orqali ishlagan haydovchilar jami 9,6 trln soʻmlik xizmat koʻrsatdi. Shundan 15,5 ming nafar haydovchi yil davomida 100 mln soʻmdan ortiq daromad oldi, oʻrtacha bitta safar uchun tushum esa 20 ming soʻmni tashkil etdi.

2025 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonda soliq tizimiga 224 ta taksi xizmatini koʻrsatuvchi agregator ulangan. Bu haqda Soliq qoʻmitasi maʼlumot berdi. Ushbu agregatorlar orqali yil davomida jami 479 million marotaba yoʻlovchi tashilgan.
Taksi agregatorlarining umumiy aylanmasi 2025 yilda 9,6 trillion soʻmni tashkil etdi. Shundan 6,7 trillion soʻmi yoki 70,2 foizi naqd toʻlovlar hissasiga toʻgʻri keldi. Qolgan 2,8 trillion soʻm (29,8 foiz) esa naqdsiz toʻlovlar orqali amalga oshirilgan. Oʻrtacha bitta chek miqdori 20 ming soʻmni tashkil etdi.
Taqqoslash uchun, 2024 yil yakunida agregatorlarning umumiy aylanmasi 6 trillion soʻm boʻlgan. Oʻsha yili naqdsiz toʻlovlar ulushi 23,7 foizni, oʻrtacha chek miqdori esa 18,5 ming soʻmni tashkil etgan.
2025 yil davomida taksi agregatorlari tomonidan jami 128,2 milliard soʻm soliq toʻlangan. Ushbu summaning 63,6 milliard soʻmi qoʻshilgan qiymat soligʻiga (QQS) toʻgʻri keladi. 2024 yilda esa agregatorlar 156,8 milliard soʻm soliq toʻlagan edi.
Haydovchilar haqida
2026 yil 1 yanvar holatiga koʻra, agregatorlar orqali yoʻlovchi tashish bilan 574,6 ming nafar haydovchi oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida faoliyat yuritmoqda. Haydovchilarning asosiy qismi — 59 foizi — 30–50 yosh oraligʻidagilar boʻlib, ularning soni 339 ming 681 nafarni tashkil etadi.
30 yoshgacha boʻlgan haydovchilar soni 189 ming 547 nafar, 50 yoshdan kattalar esa 45 ming 398 nafar. Shuningdek, taksi xizmatida 4 ming 726 nafar ayol haydovchi ham faoliyat olib bormoqda.
2025 yil davomida taksi xizmatini koʻrsatgan haydovchilarning 15,5 ming nafari 100 million soʻmdan ortiq daromad olgan. Daromadlar taqsimoti quyidagicha:
- 50–100 mln soʻm — 36,9 ming haydovchi
- 10–50 mln soʻm — 143,8 ming haydovchi
- 5–10 mln soʻm — 71,8 ming haydovchi
- 1–5 mln soʻm — 146,7 ming haydovchi
- 1 mln soʻmgacha — 159,7 ming haydovchi
Maʼlumot uchun, 2024 yilda 100 million soʻmdan ortiq daromad olgan haydovchilar soni atigi 4,7 ming nafar boʻlgan, 50–100 million soʻm oraligʻida daromad topganlar esa 23,1 ming kishini tashkil etgan.
Foydalanilayotgan avtomobillar
2025 yilda taksi haydovchilari orasida eng koʻp foydalanilgan avtomobil — Cobalt boʻlib, uning ulushi 23,7 foizni tashkil etdi. Undan keyingi oʻrinlarda Nexia (20,7 foiz) va Lacetti (16,7 foiz) joylashdi.
2025 yilda elektromobillarda ishlayotgan haydovchilar jami haydovchilarning 1,9 foizini tashkil etdi.
Avtomobillarning yoshi boʻyicha 1 yildan 3 yilgacha boʻlgan avtomobillar umumiy parkning 16,5 foizini tashkil etadi. 3–5 yillik avtomobillar ulushi 41,3 foizga teng. 5–10 yillik avtomobillar 11,3 foizni, 10 yildan ortiq avtomobillar esa 26,5 foizni tashkil etgan.









