12 014.370 so‘m

increase

40.930

13 280.680 so‘m

decrease

-1.460

146.190 so‘m

increase

1.660

12 014.370 so‘m

increase

40.930

Yaqin 1 soat ichida
Bank
48

Oʻzbekistonda raqamli soʻm sinovlari 2027 yilda boshlanishi rejalashtirilmoqda

Markaziy bank banklararo hisob-kitoblar uchun moʻljallangan raqamli valyuta platformasini ishlab chiqish boʻyicha ishlarni boshlagan. 

Sinovlarda banklararo toʻlovlar, qimmatli qogʻozlar va tokenlashtirilgan depozitlar bilan operatsiyalar tekshiriladi. 

Platformani 2028 yilning ikkinchi choragidan kengaytirish masalasi sinov natijalariga qarab koʻrib chiqiladi. 

Oʻzbekistonda raqamli soʻm sinovlari 2027 yilda boshlanishi rejalashtirilmoqda

Markaziy bank 2027 yilning ikkinchi choragidan ulgurji raqamli soʻm (wholesale CBDC) platformasini tajriba-sinov tariqasida ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda regulyatorning 2027–2029 yillarga moʻljallangan pul-kredit siyosati asosiy yoʻnalishlari konseptual loyihasida maʼlum qilingan.

Markaziy bank va Singapurda joylashgan Global Finance & Technology Network (GFTN) oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida Oʻzbekistonda ulgurji raqamli valyutani joriy etish boʻyicha ishlar boshlangan.

Loyiha 24 oy davomida uch bosqichda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

Birinchi bosqich 2026 yilning ikkinchi choragidan 2027 yilning birinchi choragigacha davom etadi. Bu davrda raqamli valyuta platformasining arxitekturasi va biznes modeli ishlab chiqiladi, ishtirokchilar doirasi, operatsiyalar turlari hamda hisob-kitob qoidalari belgilanadi.

Shuningdek, mavjud bank va toʻlov tizimlari bilan integratsiya, kiberxavfsizlik, maʼlumotlarni himoyalash hamda huquqiy asoslarni shakllantirish masalalari hal etilishi rejalashtirilgan.

Ikkinchi bosqich 2027 yilning ikkinchi choragidan 2028 yilning birinchi choragigacha boʻlgan davrda platforma cheklangan ishtirokchilar bilan pilot rejimda ishga tushirilishi koʻzda tutilmoqda.

Sinov davomida banklararo toʻlovlar, davlat va boshqa qimmatli qogʻozlar, shuningdek, tokenlashtirilgan depozitlar boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatlari tekshiriladi.

Uchinchi bosqich 2028 yilning ikkinchi choragidan boshlanishi mumkin. Bunda sinov natijalari, mustaqil texnik va kiberxavfsizlik auditi hamda iqtisodiy samaradorlik bahosiga qarab platforma imkoniyatlarini kengaytirish va yangi ishtirokchilarni jalb qilish masalasi koʻrib chiqiladi.

Raqamli soʻm nima va undan kimlar foydalanadi?

Markaziy bank ishlab chiqayotgan raqamli valyuta aholining kundalik toʻlovlari uchun emas, balki moliya tashkilotlari oʻrtasidagi hisob-kitoblar uchun moʻljallangan.

Markaziy bank raqamli valyutasi (CBDC) — regulyator tomonidan chiqariladigan pulning raqamli shaklidir. U chakana va ulgurji turlarga boʻlinadi.

Chakana raqamli valyutadan fuqarolar va korxonalar kundalik toʻlovlarda foydalanishi mumkin. Ulgurji raqamli valyuta esa, asosan, banklar va boshqa ruxsat etilgan moliya tashkilotlari oʻrtasidagi operatsiyalar uchun ishlatiladi.

Oʻzbekiston aynan ikkinchi modelni oʻrganmoqda.

Markaziy bank sentabr oyida mamlakatda bank kartalari, mobil ilovalar va boshqa raqamli toʻlov xizmatlari yetarlicha rivojlanganini qayd etgan edi. Shu sababli regulyator hozircha aholi uchun alohida chakana raqamli soʻm tizimini yaratishga ehtiyoj koʻrmayapti.

Ulgurji raqamli soʻm esa banklararo hisob-kitoblarni tezlashtirish, qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalardagi xatarlarni kamaytirish va yangi moliyaviy instrumentlar uchun hisob-kitob infratuzilmasini yaratishga xizmat qilishi mumkin.

Raqamli soʻm qanday ishlaydi?

Konseptual loyihada raqamli soʻmni banklarning Markaziy bankdagi vakillik hisobvaraqlarida saqlanayotgan rezerv mablagʻlari bilan 1:1 nisbatda ayirboshlash mexanizmi nazarda tutilgan. 

Yaʼni banklar oʻz rezerv mablagʻlarini teng qiymatdagi raqamli valyutaga almashtirishi va zarurat tugʻilganda qayta konvertatsiya qilishi mumkin boʻladi. Bunda raqamli valyuta va rezerv mablagʻlariga foiz hisoblash, majburiy zaxiralash hamda foydalanish shartlari boʻyicha bir xil yondashuvni qoʻllash koʻzda tutilmoqda.

Markaziy bankning baholashicha, bu mexanizm raqamli valyuta joriy etilishining qisqa muddatli foiz stavkalariga taʼsirini cheklash imkonini beradi.

Loyihaning yana bir muhim yoʻnalishi — Delivery versus Payment (DvP), yaʼni aktivni topshirish va uning uchun toʻlovni bir vaqtning oʻzida amalga oshirish mexanizmidir.

Masalan, bir bank boshqa bankdan qimmatli qogʻoz sotib olayotgan boʻlsa, raqamli platforma qimmatli qogʻozga egalik huquqi va uning uchun pul oʻtkazilishini oʻzaro bogʻlashi mumkin. Bu tomonlardan biri oʻz majburiyatini bajarib, ikkinchisi bajarmasligi bilan bogʻliq hisob-kitob xatarlarini kamaytiradi.

Shuningdek, platforma hisob-kitoblarni kecha-yu kunduz amalga oshirish imkoniyatini yaratishi mumkin. Biroq bu imkoniyatlarning amaliy samaradorligi hali sinovlarda baholanishi kerak.

Raqamli soʻm qachon toʻliq joriy etiladi?

Markaziy bank 2026 yil 24-sentabrda raqamli soʻm boʻyicha 36 oylik yoʻl xaritasini taqdim etgan edi. Oʻshanda 2027 yil yakunigacha loyihaning afzalliklarini oʻrganish, 2028 yilda sinovdan oʻtkazish va 2029 yilgacha tizimni kengaytirish rejalari maʼlum qilingan.

Yangi konseptual loyihada esa platformani ishlab chiqish va sinovdan oʻtkazish uchun 24 oylik dastur keltirilgan. Unda pilot sinovlarning boshlanishi 2027 yilning ikkinchi choragiga belgilangan, 2028 yilning ikkinchi choragidan esa platformani kengaytirish imkoniyati koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, 2028 yilda platformani kengaytirish imkoniyatini koʻrib chiqish raqamli soʻmning shu sanada toʻliq muomalaga chiqarilishini anglatmaydi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+