Oʻzbekistonda qaysi soha vakillari eng yuqori oylik maosh olmoqda?
Oʻzbekistonda 2025 yil yanvar–iyun oylarida oʻrtacha nominal ish haqi 5,98 million soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 17,2 foizga oshdi.
Eng yuqori oylik Toshkent shahrida (10,1 mln soʻm), eng past koʻrsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (4,1 mln soʻm) qayd etildi.
Soha kesimida esa moliya, IT va aloqa tarmoqlari yetakchilik qilmoqda.

2025 yilning yanvar–iyun oylarida Oʻzbekistonda oʻrtacha nominal hisoblangan oylik ish haqi 5,98 million soʻmga yetdi. Ushbu koʻrsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 17,2 foizga oshgan. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlarida keltirilgan.
Hududlar boʻyicha ish haqi
Eng yuqori ish haqi Toshkent shahrida qayd etildi — bu yerda oʻrtacha oylik 10,13 million soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 18,8 foizga oshgan. Ikkinchi oʻrinda Navoiy viloyati (7,48 mln soʻm, +13,4%), uchinchi oʻrinda esa Toshkent viloyati (5,67 mln soʻm, +15,3%) joylashgan.
№ | Hudud | Oʻrtacha ish haqi | Yillik oʻsish |
1 | Toshkent shahri | 10 138 400 soʻm | 18,8% |
2 | Navoiy viloyati | 7 486 400 soʻm | 13,4% |
3 | Toshkent viloyati | 5 674 400 soʻm | 15,3% |
4 | Andijon viloyati | 4 935 300 soʻm | 11% |
5 | Sirdaryo viloyati | 4 789 800 soʻm | 18% |
6 | Buxoro viloyati | 4 787 300 soʻm | 14,8% |
7 | Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 4 757 200 soʻm | 14,2% |
8 | Xorazm viloyati | 4 720 100 soʻm | 15,6% |
9 | Jizzax viloyati | 4 476 800 soʻm | 17% |
10 | Fargʻona viloyati | 4 443 800 soʻm | 16,9% |
11 | Samarqand viloyati | 4 435 400 soʻm | 15,8% |
12 | Namangan viloyati | 4 350 100 soʻm | 16,6% |
13 | Surxondaryo viloyati | 4 256 500 soʻm | 16,1% |
14 | Qashqadaryo viloyati | 4 148 300 soʻm | 14,3% |
Boshqa barcha hududlarda oʻrtacha ish haqi 5 million soʻmdan past boʻldi. Eng past koʻrsatkich Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan — bu yerda oʻrtacha oylik 4,14 million soʻmni tashkil qilgan. Shunga qaramay, bu hududda ham ish haqi 14,3 foizga oshgan.
Tarmoqlar boʻyicha ish haqi
Tarmoqlar kesimida eng yuqori oʻrtacha ish haqlari bank va sugʻurta sohasida qayd etilgan — 16 million 250 ming soʻm (+13,9%). Undan keyingi oʻrinlarda axborot va aloqa sohalari — 14 million 780 ming soʻm (+17%) hamda transport va saqlash xizmatlari — 9 million soʻm (+16%) joylashgan.

Sanoat sohasida oʻrtacha ish haqi 7 million 170 ming soʻmni (+15,4%), savdoda 6 million 700 ming soʻmni (+12,8%), qurilishda esa 5 million 880 ming soʻmni (+6,1%) tashkil etdi.
Eng past oʻrtacha ish haqi esa anʼanaviy tarzda sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida kuzatildi.
Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar yoʻnalishida oʻrtacha oylik 3,69 million soʻmni tashkil etdi (+12,4%). Taʼlim sohasida esa umumiy oʻrtacha ish haqi 4,14 million soʻm boʻlib, bu yoʻnalishda 18,3 foizlik ijobiy dinamikaga qaramay, koʻrsatkich boshqa tarmoqlarga nisbatan pastligicha qolmoqda.
Axborot va aloqa sohasi
Axborot texnologiyalari sohasida baʼzi yoʻnalishlar boʻyicha ish haqi sezilarli darajada yuqori boʻlgan. Jumladan:
- Kompyuter dasturlash, IT-konsalting va boshqa xizmatlar — 19 million 410 ming soʻm
- Axborot xizmatlari — 18 million 470 ming soʻm
- Aloqa xizmatlari — 11 million 670 ming soʻm
Bank va sugʻurta sohasi
Moliya sohasida quyidagi yoʻnalishlar yetakchilik qilgan:
- Sugʻurta — 19 million 620 ming soʻm
- Sugʻurta bilan bogʻliq yordamchi faoliyat — 19 million 510 ming soʻm
- Pensiya va sugʻurtaga taalluqli boʻlmagan moliyaviy xizmatlar — 15 million 890 ming soʻm
Taʼlim tizimidagi ichki tafovutlar
Taʼlim sohasining oʻzida ham ish haqi boʻyicha sezilarli farqlar mavjud. Eng yuqori oylik ish haqi oliy taʼlim muassasalarida qayd etilgan — bu yerda oʻrtacha ish haqi 9,57 million soʻmni tashkil etgan.
Texnik va kasb-hunar taʼlim muassasalarida bu koʻrsatkich 4,26 million soʻm boʻlsa, umumtaʼlim maktablarida oʻrtacha ish haqi 4,07 million soʻmni tashkil qilgan. Eng past oʻrtacha ish haqi esa maktabgacha taʼlimda qayd etilgan — bu yoʻnalishda oʻrtacha oylik bor-yoʻgʻi 2,2 million soʻmni tashkil etgan.