Oʻzbekistonda pullar tobora kamroq dollarda saqlanmoqda
Oʻzbekiston banklaridagi depozitlarning xorijiy valyutadagi ulushi bir yil ichida 24%dan 19%gacha tushdi. Shu davrda soʻmdagi depozitlar qariyb 43%ga oshgan boʻlsa, xorijiy valyutadagi mablagʻlar atigi 6,6%ga koʻpaygan.

Oʻzbekiston banklaridagi depozitlarning valyuta tarkibi soʻm foydasiga tez oʻzgarmoqda. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil 1 avgust holatiga tijorat banklaridagi jami depozitlar 482,7 trln soʻmni tashkil etgan. Shundan 92,7 trln soʻmi xorijiy valyutadagi mablagʻlarga toʻgʻri keladi.
Bir yil avval banklardagi 360,4 trln soʻmlik depozitning 86,9 trln soʻmi xorijiy valyutada saqlanayotgan edi. Natijada valyutadagi depozitlarning umumiy depozitlardagi ulushi 24%dan 19%gacha, yaʼni 5 foiz punktga qisqargan.
Farq depozitlar oʻsish surʼatida yanada yaqqol koʻrinadi. Hisob-kitoblarga koʻra, milliy valyutadagi depozitlar bir yil ichida 273,5 trln soʻmdan 390 trln soʻmga yetib, qariyb 42,6%ga oshgan. Xorijiy valyutadagi depozitlar esa shu davrda 86,9 trln soʻmdan 92,7 trln soʻmga, yaʼni atigi 6,6%ga koʻpaygan. Jami depozitlar oʻsishi 34%ni tashkil etgan.
Bu tendensiya faqat oxirgi oylar bilan cheklanmaydi. Masalan, 2025 yil may boshida xorijiy valyuta depozitlarning 24%ini, undan bir yil avval esa 29%ini tashkil etgan. Shunday qilib, ikki yildan sal koʻproq vaqt ichida bank depozitlarining dollarlashuv darajasi qariyb 10 foiz punktga kamaygan.
Ayni paytda kreditlarda dedollarizatsiya ancha sekin kechmoqda. Banklarning jami kredit portfeli bir yil ichida 576,2 trln soʻmdan 644,6 trln soʻmga oshgan, xorijiy valyutadagi kreditlar esa 233,2 trln soʻmdan 249,8 trln soʻmga yetgan. Natijada valyutadagi kreditlar ulushi 40%dan 39%gacha tushgan, xolos.
Shu tariqa, banklarning majburiyatlari tomonida soʻmga oʻtish kredit portfeliga qaraganda tezroq ketmoqda. Depozitlarda xorijiy valyuta ulushi bir yilda 5 foiz punktga qisqargan boʻlsa, kreditlarda pasayish atigi 1 foiz punktni tashkil etgan.
Depozitlarning muddat tarkibi ham oʻzgargan. Bir yilgacha boʻlgan muddatli depozitlar 120,5 trln soʻmdan 175,7 trln soʻmga oshib, umumiy depozitlardagi ulushi 33%dan 36%gacha koʻtarilgan. Bir yildan ortiq muddatli depozitlarning ulushi esa 37%dan 34%gacha kamaygan.
Markaziy bankning ushbu statistikasi faqat aholi omonatlarini emas, jismoniy va yuridik shaxslarning banklardagi barcha depozitlarini qamrab oladi. 1 avgust holatiga jismoniy shaxslar depozitlari 185,2 trln soʻm, yuridik shaxslarniki esa 297,5 trln soʻmni tashkil etgan.









