11 765.210 so‘m

decrease

-0.550

13 586.460 so‘m

decrease

-52.410

139.350 so‘m

decrease

-0.360

11 765.210 so‘m

decrease

-0.550

Yaqin 1 soat ichida
Iqtisodiyot
29

Oʻzbekistonda pensiya yoshini 3 yilga oshirish taklif qilindi

2028 yildan pensiya yoshini har yili uch oyga oshirib borish taklif qilinmoqda. Natijada 2039 yilga kelib erkaklar 63 yoshda, ayollar esa 58 yoshda pensiyaga chiqishi mumkin. Pensiya olish uchun talab qilinadigan eng kam ish stajini ham 7 yildan 15 yilgacha uzaytirish rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonda pensiya yoshini 3 yilga oshirish taklif qilindi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qoʻydi. Muhokama 30 sentabrgacha davom etadi.

Amaldagi tartib boʻyicha erkaklar 60 yoshda va kamida 25 yillik, ayollar esa 55 yoshda va kamida 20 yillik ish staji bilan toʻliq yoshga doir pensiya olish huquqiga ega. Yetarli stajga ega boʻlmaganlarga kamida 7 yil ish staji mavjud boʻlsa, pensiya ishlagan davriga mutanosib miqdorda tayinlanadi. Bu tartib amaldagi qonunda belgilangan.

Loyihaga koʻra, 2028 yil 1 yanvardan pensiya yoshi har yili uch oydan oshiriladi. Jarayon 12 yil davom etib, 2039 yilda erkaklar uchun 63, ayollar uchun 58 yoshga yetkaziladi.

Ayni paytda 2027 yildan umumiy pensiya yoshidan bir yil oldin pensiyaga chiqish imkonini beruvchi tartibni bekor qilish ham taklif etilmoqda.

Pensiya yoshining oshirilishi davrida fuqarolarni yoshi sababli ishdan boʻshatish yoki ishga qabul qilmaslikka yoʻl qoʻyilmasligi belgilanishi mumkin. Ishsiz deb tan olingan fuqarolarning ikki yil oldin pensiyaga chiqish huquqi, zararli va ogʻir mehnat sharoitlarida ishlaganlar uchun imtiyozli pensiyalar saqlab qolinadi.

Bundan tashqari, pensiya olish uchun talab qilinadigan eng kam ish staji 2027 yildan boshlab har yili bir yilga oshirilib, 2034 yilda 15 yilga yetkazilishi rejalashtirilgan. Yetarli staj toʻplanmagan fuqarolarga umumiy pensiya yoshidan besh yil oʻtgach yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlab qolinadi.

Pensiyani hisoblash tartibi ham oʻzgarishi mumkin. Hozir pensiya uchun oxirgi oʻn yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yillik ish haqi olinadi. Loyiha ushbu davrni har yili bir yilga kengaytirib, 20 yilga yetkazishni nazarda tutadi. Bunda fuqaroning eng past daromad olgan davrining 10 foizi hisob-kitobdan chiqarib tashlanadi.

Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida ham yangi ragʻbatlar taklif qilingan. Daromadi pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravaridan kam boʻlgan fuqaro hisobvaragʻiga ixtiyoriy ravishda ish haqining 5 foizini oʻtkazsa, davlat uning badaliga 50 foizgacha qoʻshimcha mablagʻ qoʻshishi mumkin.

Shuningdek, 2030 yildan jamgʻarilgan pensiya mablagʻlarini ogʻir kasallikni davolash yoki ipoteka krediti uchun boshlangʻich toʻlov sifatida ishlatishga ruxsat berish taklif qilinmoqda.

Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi 2027 yildan Xalq bankidan Pensiya jamgʻarmasi tasarrufiga oʻtkaziladi. Hisobvaraqlardagi mablagʻlar fuqaroning shaxsiy mulki hisoblanishi va ularni meros qilib qoldirish huquqi saqlanishi belgilangan.

Loyihada 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish vaqtini joriy etish ham nazarda tutilgan.

Hujjat hozircha loyiha hisoblanadi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+