Oʻzbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 65 mlndan oshdi
Oʻzbekistonda 1 noyabr holatiga muomaladagi bank kartalari soni 65 million 44 ming donani tashkil etdi. Eng koʻp karta Xalq bankida boʻlsa, Agrobank va Ipoteka bankdagi kartalar soni yil boshidan mos ravishda 1,2 mln va 0,6 mlnga oshdi.

Oʻzbekistonda banklar tomonidan chiqarilgan muomaladagi bank kartalari soni 65 million donadan oshdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida maʼlum qilindi.
1 noyabr holatiga koʻra, mamlakatdagi amalda boʻlgan bank kartalarining umumiy soni 65 mln 44 ming donani tashkil qiladi. Banklar orasida eng koʻp karta Xalq bankiga tegishli. Biroq ushbu bankdagi kartalar soni yil boshiga nisbatan qariyb 2 million donaga kamaygan.
Ikkinchi oʻrinda 6,6 million muomaladagi karta bilan Agrobank joylashgan. Bu bankdagi kartalar soni yil boshidan buyon 1,2 millionga koʻpaygan. Uchinchida esa 5,2 million dona karta bilan Ipoteka bank turibdi (+0,6 mln).
Shuningdek:
- Milliy bank — 4,3 mln
- TBC Bank — 4,2 mln
- Uzum Bank — 3,7 mln
- Hamkorbank — 3,6 mln
Toʻlov terminallari soni boʻyicha yetakchi banklar:
- Hamkorbank — 51 346 ta
- Milliy bank — 40 026 ta
- Xalq banki — 38 297 ta
- Ipoteka bank — 35 820 ta
- SQB (Oʻzsanoatqurilishbank) — 30 941 ta
Yanvar–oktabr oylarida terminallar orqali 359,9 trln soʻm tushum qayd etilgan. Toʻlov terminallari orqali eng koʻp tushum Aloqabankda kuzatildi — 43,6 trln soʻm.
Bankomat va infokiosklar soni boʻyicha yetakchilar:
- Toʻlov tashkilotlari — 22 708 ta
- Xalq banki — 3 113 ta
- Agrobank — 1 969 ta
- Kapitalbank — 1 478 ta
- Milliy bank — 956 ta









