Oʻzbekistonda majburiy avtosugʻurta summasi ikki barobar oshiriladi
Oʻzbekistonda majburiy avtosugʻurta summasi 40 million soʻmdan 80 million soʻmgacha oshiriladi. Yangi tartib 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

2026 yil 1 yanvaridan boshlab Oʻzbekistonda majburiy avtosugʻurta summasi 40 million soʻmdan 80 million soʻmgacha oshiriladi. Bu haqdagi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori 2025 yil 23 iyul kuni qabul qilingan.
Ushbu oʻzgarish yoʻl-transport hodisalari (YTH) natijasida jabrlangan shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga yetkazilgan zararlarni qoplash uchun moʻljallangan sugʻurta mablagʻlarining bugungi iqtisodiy realiyatlarga mos boʻlishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Hujjat Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil mart oyida sugʻurta xizmatlari bozorini rivojlantirish toʻgʻrisidagi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlarini belgilaydi.
Shuningdek, sugʻurta polislari ikki turda joriy etiladi:
- Cheklangan polis — aniq haydovchilar roʻyxati bilan;
- Cheklanmagan polis — istalgan haydovchi boshqaruvida boʻlishi mumkin.
Yoʻl-transport hodisasi (YTH)da haydovchi aybdor boʻlgan hollarda sugʻurtalovchi tomonidan daʼvolarni koʻrib chiqish tartibi ham aniq belgilanadi.
Qarorga koʻra, Sugʻurta toʻlovlarini kafolatlash jamgʻarmasiga yangi vakolatlar yuklatilib, u quyidagi xizmatlarni koʻrsatadi:
- YTH yuzasidan bepul huquqiy maslahatlar;
- YTH xabarnomasini rasmiylashtirishda amaliy yordam.
Shu bilan birga, majburiy sugʻurta tizimini nazorat qilish mexanizmi kuchaytiriladi. Bunda sugʻurta shartlariga rioya qilinishi yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali monitoring qilinadi.
2026 yil 1 apreldan boshlab yagona sugʻurta billing tizimi joriy etiladi. Bu orqali sugʻurta mukofotlarining tushumlari markazlashtiriladi hamda manfaatdor idoralar oʻrtasida elektron maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalashdan boʻyin tovlovchi shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgan.
Mavzuga doir: Oʻzbekiston sugʻurta kompaniyalari birinchi chorakda qancha sof foyda oldi?