Oʻzbekistonda kredit kartalar boʻyicha foiz stavkalari 74,9 foizgacha yetdi
2025 yil oktabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonda kredit kartalari boʻyicha foiz stavkalari 25,6 foizdan 74,9 foizgacha shakllanmoqda. Hozirda 7 ta tijorat banki ushbu mahsulotni taklif qilmoqda. Karta limitlari banklarga qarab 50 mln soʻmdan 100 mln soʻmgacha yetadi.

2025 yilning oktabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonda kredit kartalar bozorida foiz stavkalari yuqori darajada shakllandi. Ayrim banklarda kredit karta boʻyicha yillik maksimal foiz stavkasi 74,9 foizgacha yetgani qayd etildi.
Kredit karta — bu bank tomonidan mijozga belgilangan limit doirasida foydalanish uchun ajratiladigan qarz mablagʻidir. Ushbu vosita kundalik xarajatlarni amalga oshirish, toʻlovlarni kechiktirib toʻlash yoki qisqa muddatli moliyaviy ehtiyojlarni qoplash imkonini beradi.
Ayni paytda mamlakatda 7 ta tijorat banki kredit karta xizmatlarini taklif qilmoqda. Banklar oʻrtasidagi foiz stavkalari 25,6 foizdan 74,9 foizgacha boʻlgan oraliqda shakllangan.
Eng yuqori foiz stavkasi AVO bank’da kuzatilmoqda — ushbu bankda kredit karta boʻyicha yillik stavkalar 27,9 foizdan 74,9 foizgacha yetadi.
Keyingi oʻrinda Infinbank turibdi, u yerda kredit karta foizlari 25,6–54,8 foiz oraligʻida belgilanadi.
TBC Bank kredit kartalarida maksimal stavka 50 foiz, Ipak Yuli Bank’da — 42 foiz, Hamkorbank’da esa 40 foizni tashkil etadi.
Eng past foiz stavkalari SQB va Agrobank’da qayd etilgan. Xususan, SQB kredit kartalari boʻyicha maksimal stavka 26,9 foiz, Agrobank’da esa 30 foiz etib belgilangan.
Banklar tomonidan belgilangan maksimal kredit limitlari quyidagicha:
- Ipak Yuli Bank — 50 mln soʻm;
- Hamkorbank — 50 mln soʻm;
- TBC Bank — 50 mln soʻm;
- Agrobank — 100 mln soʻm;
- SQB — 100 mln soʻm;
- Infinbank — 100 mln soʻm;
- AVO Bank — 100 mln soʻm.
Kredit karta shartlari
Koʻpgina banklarda kredit kartalar bepul rasmiylashtiriladi. Kreditdan foizsiz foydalanish muddati, yaʼni “grace period”, banklarga qarab 40 kundan 55 kungacha davom etadi. Minimal oylik toʻlov miqdori esa odatda qarz summasining 5–10 foizi atrofida belgilanadi.









