Oʻzbekistonda kartadan kartaga oʻtkazmalar monitoring qilinadi
Oʻzbekistonda kartadan-kartaga (P2P) pul oʻtkazmalari ustidan monitoring kuchaytiriladi.
6 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev soliq maʼmurchiligini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Unda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun raqamli nazorat va sunʼiy intellekt asosidagi “aqlli” tizimlarni joriy etish masalasi muhokama qilindi.

6 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Soʻnggi ikki yil ichida soliq bazasining kengayishi hisobiga byudjet tushumlari iqtisodiyot oʻsish surʼatlariga nisbatan tezroq ortmoqda. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ham bu natijalar soliq maʼmurchiligi kuchaytirilgani hamda yashirin iqtisodiyot qisqartirilayotgani bilan bogʻliq ekanini eʼtirof etgan.
Shu bilan birga, tizimni izchil isloh qilish orqali 2030 yilga borib soliq tushumlarini 491,5 trillion soʻmga yetkazish, iqtisodiyotdagi kuzatilmaydigan ulushni esa 28 foizdan 19,6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan.

Yigʻilishda soliq tushumlarini oshirishdagi eng katta zaxira yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ekani taʼkidlandi.
Prezident raqamli tahlil va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, “aqlli” nazorat tizimini joriy etish orqali joriy yilda byudjetga qoʻshimcha 30 trillion soʻm tushumni taʼminlash zarurligini qayd etdi. Bu savdo va xizmatlar, sanoat, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda boshqa sohalarda P2P operatsiyalarni monitoring qilish, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashishni avtomatik aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlar orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, bozorlar va savdo majmualarida nazorat toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani hamda raqamlashtirish ishlari yetarli darajada emasligi sababli mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani qayd etildi.
Maʼlumotlarga koʻra, bozorlarda 72 mingdan ortiq chakana savdo subʼekti faoliyat yuritadi. Biroq ularning 38 mingdan ortigʻi oyiga 1 million soʻmdan kam tovar aylanmasini koʻrsatgan, 40 mingdan ziyodi esa kuniga atigi 2–3 ta chek rasmiylashtiradi. Yana 12 ming savdo nuqtasi boʻyicha ijara shartnomalari hisobga qoʻyilmagan. Natijada 37 ming tadbirkor oyiga 500 ming soʻmdan kam soliq toʻlagan.
Shu bois bozorlar va savdo majmualarini toʻliq raqamlashtirish, nazorat tizimlari, soliq xizmati va raqamli kuzatuv mexanizmlarini oʻzaro integratsiya qilish zarurligi taʼkidlandi.









