12 052.050 so‘m

increase

39.930

13 985.200 so‘m

increase

49.940

165.300 so‘m

decrease

-0.820

12 052.050 so‘m

increase

39.930

Yaqin 9 daqiqa ichida
Bank
43

Oʻzbekistonda islomiy sugʻurta, “yashil” kredit va bank aktivlari bozorini joriy etish kutilmoqda

Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik jarayonida kelib tushgan 120 ta taklif yettita ustuvor yoʻnalishga ajratildi. Prezident yangi moliyaviy mexanizmlar boʻyicha masʼullarni belgilab, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan aniq yechimlar ishlab chiqishni topshirdi.

Oʻzbekistonda islomiy sugʻurta, “yashil” kredit va bank aktivlari bozorini joriy etish kutilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashi majlisida investorlarning platformadagi faolligi tobora ortib borayotganini qayd etdi.

Davlat rahbarining taʼkidlashicha, kengashning avvalgi majlisida ilgari surilgan 21 ta tashabbus boʻyicha aniq yechimlar qabul qilingan. Investorlarning takliflari asosida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilgan.

«Investorlarning tashabbuslari davlat siyosatida oʻzining amaliy ifodasini topmoqda. Takliflarning salmoqli qismi asosida normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi», — dedi prezident.

Xususan, Soliq kodeksiga investorlar uchun qulay oʻzgartirishlar kiritildi. Kompaniyalar oʻrtasidagi ichki qarz bitimlari moliyaviy nazoratdan chiqarildi, tadbirkorlarga asosiy vositalarni tezlashtirilgan tartibda amortizatsiya qilish huquqi berildi.

Shuningdek, xalqaro standartlar asosida hisobot yurituvchi xorijiy kompaniyalar uchun bir qator majburiy talablar bekor qilindi.

Investorlar takliflari asosida «Muqobil investitsiya jamgʻarmalari toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bundan tashqari, masʼuliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish hamda 16 ta texnik reglamentni xalqaro meʼyorlarga muvofiqlashtirish boʻyicha dastur tayyorlandi.

Oʻzbekistonning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Xalqaro investitsiyalar va koʻp millatli korxonalar toʻgʻrisidagi deklaratsiyasiga qoʻshilishi ham xorijiy investorlarga teng va adolatli sharoit yaratish yoʻlidagi navbatdagi qadam sifatida qayd etildi.

Mazkur yoʻnalishdagi ishlarning davomi sifatida Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisidagi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi kutilmoqda.

«Bularning barchasi gʻoyalaringiz amaliyotda izchil tatbiq etilayotganining yorqin dalilidir», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlum qilinishicha, kengashning navbatdagi majlisiga tayyorgarlik jarayonida xorijiy investorlar tomonidan 120 ta yangi taklif va tashabbus bildirilgan. Ular batafsil oʻrganilib, yettita ustuvor yoʻnalishga birlashtirilgan.

Ushbu yoʻnalishlar investitsiya muhitini yaxshilash, soliq tizimi, kadastr, energetika, moliya va bank tizimi, korporativ boshqaruv, sunʼiy intellekt hamda raqamli iqtisodiyot masalalarini qamrab oladi.

Prezident valyuta aylanmasi ustidan monitoring jarayonlarini yengillashtirish, islomiy sugʻurta, «yashil» kreditlash va bank aktivlari bozorini yoʻlga qoʻyish kabi yangi moliyaviy mexanizmlarni joriy etish takliflari ayniqsa dolzarb ekanini taʼkidladi.

Shuningdek, korxonalarda atrof-muhit, ijtimoiy masʼuliyat va samarali korporativ boshqaruvni qamrab oluvchi ESG tamoyillarini qoʻllashni ragʻbatlantirish taklif etildi.

Har bir ustuvor yoʻnalish boʻyicha masʼullar belgilanib, investorlarning takliflarini amalga oshirishga qaratilgan aniq yechimlar ishlab chiqilishi qayd etildi.

Oʻtgan davrda kengash huzuridagi ishchi guruhlar tomonidan investorlar uchun 50 dan ortiq yigʻilish oʻtkazilgan. Ularda muqobil investitsiya jamgʻarmalari, garov qonunchiligi, masʼuliyatli biznes yuritish, professional kadrlar tayyorlash, soliq maʼmurchiligi, yer ajratish va energetika sohalaridagi masalalar xorijiy investorlar hamraisligida muhokama qilingan.

Majlisda ishchi guruhlarga hamraislik qilayotgan “Vision Invest”, “BDO”, “Crowe”, “OTP Group”, “Franklin Templeton”, “Ernst & Young”, “Costa Legal” va “ACWA” kompaniyalari rahbarlariga minnatdorlik bildirildi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+