11 975.360 so‘m

decrease

-98.060

14 020.750 so‘m

decrease

-113.600

162.910 so‘m

decrease

-1.560

11 975.360 so‘m

decrease

-98.060

4 soat avval
Bozor
30

Oʻzbekistonda ikkilamchi bozordagi avtomobillar narxi qanday oʻzgarmoqda?

Segmentlar kesimida mahalliy ommabop avtomobillar bozorida keskin qimmatlashish kuzatilmayapti, narxlar asosan barqaror darajada saqlanmoqda. Lyuks mahalliy avtomobillar orasida Malibu va Equinox narxi oshgan boʻlsa, xorijiy avtomobillar segmentida ayrim Xitoy modellari arzonlashgan. Shu bilan birga, Kia’ning talab yuqori boʻlgan Carnival, Sorento, Seltos va Sonet kabi modellarida narx oʻsishi qayd etilgan.

Oʻzbekistonda ikkilamchi bozordagi avtomobillar narxi qanday oʻzgarmoqda?
Foto: AI/Pinkod.uz

Oʻzbekistonda ikkilamchi avtomobil bozorida takliflar tarkibi asta-sekin oʻzgarib bormoqda. Mahalliy avtomobillar ulushi qisqarayotgan bir paytda, elektromobillar ulushi sezilarli darajada oshmoqda. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlilida qayd etilgan.

Institut maʼlumotlariga koʻra, 2024 yil iyun oyida jami takliflar tarkibida elektromobillar ulushi 5,4 foizni tashkil qilgan boʻlsa, 2026 yil apreliga kelib bu koʻrsatkich 10 foizga yetgan. 5 yildan oshgan hamda notoʻgʻri maʼlumotli eʼlonlar chiqarib tashlangan tahlilda esa elektromobillar ulushi 33 foizni tashkil etgan. Bu esa bozor tarkibida elektr transport vositalarining taʼsiri tobora kuchayayotganini koʻrsatadi.

Mahalliy ommabop avtomobillar narxlari

Mahalliy ommabop avtomobillar segmentida keskin qimmatlashish emas, asosan barqarorlashuv kuzatilmoqda.

Kam foydalanilgan Onix avtomobilining median narxi 14,8 ming dollarni tashkil etib, bir oyda 1,2 foizga oshgan. Cobalt narxi esa 12,9 ming dollar atrofida deyarli oʻzgarishsiz qolgan. Labo 8,5 ming dollargacha tushib, 3,4 foizga, Damas esa 7,5 ming dollargacha pasayib, 2,6 foizga arzonlashgan.

Oʻrtacha foydalanilgan avtomobillar orasida Lacetti 14,2 ming dollar, Onix 13,75 ming dollar, Cobalt esa 12 ming dollar atrofida baholangan. Bu segmentda narxlarning umumiy harakati nisbatan sokin boʻlib, bozorda keskin tebranishlar kuzatilmayapti.

Koʻp foydalanilgan mahalliy avtomobillarda ham narxlar yirik sakrash qilmagan. Lacetti median narxi 13,3 ming dollar atrofida shakllanib, 0,7 foizga oshgan. Onix 12,7 ming dollargacha tushib, 1,2 foizga arzonlashgan. Cobalt 11,65 ming dollar atrofida biroz qimmatlashgan. Nexia, Labo va Damas kabi modellarda esa pasayish qayd etilgan.

Mahalliy lyuks avtomobillar narxlari

Lyuks mahalliy avtomobillar segmentida vaziyat biroz boshqacharoq. Bu toifada ayrim modellarga talab saqlanib qolayotgani narxlarda ham aks etmoqda.

Koʻp foydalanilgan Malibu median narxi 26,75 ming dollarni tashkil etib, bir oyda 3,6 foizga oshgan. Equinox 27,9 ming dollargacha chiqib, 1,4 foizga qimmatlashgan. Tracker esa 16 ming dollar atrofida deyarli oʻzgarishsiz qolgan.

Bu yuqoriroq segmentda xaridor talabi saqlanayotgan ayrim modellarda narx oʻsishi davom etayotganini koʻrsatadi.

Xorijiy avtomobillar

Xorijiy avtomobillar segmentida narxlar turlicha yoʻnalishda oʻzgarmoqda. Kam foydalanilgan xorijiy avtomobillar orasida ayrim Xitoy brendlari arzonlashgan.

Xususan, Arrizo 6 Pro median narxi 16,3 ming dollarni tashkil etib, bir oyda 7,2 foizga pasaygan. Tiggo 7 Pro 21,9 ming dollar atrofida shakllanib, 3,2 foizga, M3 esa 17,1 ming dollar atrofida boʻlib, 3 foizga arzonlashgan. Shu bilan birga, M4 modeli 20,3 ming dollar atrofida baholanib, 1,2 foizga qimmatlashgan.

Koʻp va oʻrtacha foydalanilgan xorijiy avtomobillar orasida esa talab yuqori boʻlgan ayrim modellar narxi oshgan. Masalan, koʻp foydalanilgan Carnival 39,8 ming dollar atrofida boʻlib, 5 foizga, Sorento esa 35,5 ming dollar atrofida boʻlib, 3,7 foizga qimmatlashgan.

Oʻrtacha foydalanilgan Sorento 40,7 ming dollar, Seltos 23,75 ming dollar, Sonet esa 17 ming dollar atrofida shakllangan. Ushbu modellarda ham narx oʻsishi qayd etilgan. Biroq ayrim modellar, jumladan Elantra, Arrizo 6 Pro va Carnival’ning ayrim toifalarida pasayish kuzatilgan.

Elektromobillar

Elektromobillar bozorida narxlar bir xil yoʻnalishda emas, ammo ularning umumiy taʼsiri kuchayib bormoqda. Ayrim modellar barqarorlashgan boʻlsa, boshqalarida arzonlashish kuzatilmoqda.

BYD Seagull narxi 15,5–16 ming dollar oraligʻida barqarorlashgan. BYD Yuan Up esa 21,5 ming dollardan 20 ming dollargacha arzonlashgan. BYD Chazor yangi holatda 21,2 ming dollar atrofida, foydalanilgan holatda esa 20,55 ming dollar atrofida taklif qilinmoqda.

Bu elektromobillarni Lacetti, Tracker va boshqa mahalliy modellarga bevosita raqobatchi qilib qoʻymoqda. Ayniqsa, elektromobillar ulushining oshishi ichki bozorda narx shakllanishiga ham bosim oʻtkazishi mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+