11 902.300 so‘m

increase

20.700

13 780.480 so‘m

increase

31.090

152.180 so‘m

increase

1.130

11 902.300 so‘m

increase

20.700

Yaqin 2 soat ichida
Iqtisodiyot
12

Oʻzbekistonda fintex islohoti: raqamli soʻm, steyblkoinlar va $50 mlnlik venchur fond

Oʻzbekiston fintexida raqamli soʻm, steyblkoinlar, tokenlashtirilgan qimmatli qogʻozlar va yagona QR-kod tizimi joriy etilmoqda.

Oʻzbekistonda fintex islohoti: raqamli soʻm, steyblkoinlar va $50 mlnlik venchur fond
Foto: AI/Pinkod.uz

27 noyabr kuni “Oʻzbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Hujjat fintex bozorida yangi davrni boshlab berishi, toʻlov tizimlari va raqamli moliyada tub oʻzgarishlarni joriy etishi kutilmoqda.

Steyblkoinlarga ruxsat va blokcheyn asosidagi toʻlov tizimlari

2026 yildan boshlab Oʻzbekistonda barqaror tokenlar (steyblkoinlar)ni toʻlov vositasi sifatida tartibga solish boʻyicha maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Shu bilan birga, taqsimlangan reyestr (DLT) texnologiyasiga asoslangan toʻlov tizimlari boʻyicha pilot loyihalar yoʻlga qoʻyiladi. Istiqbolli loyihalar agentligi va Markaziy bank “regulatory sandbox” – tajriba maydonini joriy etish tartibini belgilaydi.

Tokenlashtirilgan aksiyalar va obligatsiyalar

2026 yil 1 yanvardan boshlab Oʻzbekiston rezidenti boʻlgan yuridik shaxslar tokenlashtirilgan aksiyalar va obligatsiyalarni emissiya qilishi mumkin boʻladi. Shuningdek, mamlakatda litsenziyaga ega fond birjalarida aynan tokenlashtirilgan qimmatli qogʻozlar muomalasiga moʻljallangan alohida savdo maydonchasi tashkil etiladi.

Raqamli soʻm boʻyicha “yoʻl xaritasi”

Qarorga muvofiq, Markaziy bank 2025–2026 yillarda raqamli milliy valyutani toʻlov vositasi sifatida sinovdan oʻtkazish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqadi. 2026 yil 1 apreliga qadar esa xalqaro konsalting kompaniyalari tavsiyalari asosida raqamli soʻmni joriy etish boʻyicha yakuniy reja tasdiqlanishi lozim. Ushbu jarayon uchun Markaziy bank raisi Timur Ishmetov, ILMA direktori Dmitriy Li va Soliq qoʻmitasi raisi Farrux Pulatov masʼul etib belgilangan.

Tezkor toʻlovlarda P2P — bank hisobvaragʻidan toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazmalar

2026 yil 1 fevralga qadar jismoniy shaxslar uchun Tezkor toʻlovlar tizimida bank hisobvaragʻidan real vaqt rejimida toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazmalarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. 2025–2026 yillarda fuqarolar mobil raqam orqali hisobvaraqdan pul oʻtkazmalarini yuborishi mumkin boʻladi. Regulyator P2P oʻtkazmalar uchun OpenAPI standartini ham ishlab chiqadi.

Yagona universal QR-kod

Markaziy bank QR-kod orqali toʻlovlarning yagona standartini joriy etadi. Bu yilning dekabrida banklar va toʻlov tashkilotlari bilan birgalikda pilot loyiha ishga tushiriladi. Kelasi yil boshigacha universal QR-kod boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanadi, fevraldan esa tizim bozorga joriy etiladi.

$50 mlnlik venchur fond va innovatsion xab

2026–2030 yillarda fintex sohasiga kamida $1 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish va bozor ishtirokchilar sonini 200 taga yetkazish maqsad qilingan. Shu doirada Markaziy bank huzurida ustav jamgʻarmasi $50 mln boʻlgan venchur fond tashkil etiladi. Fintex startaplar uchun innovatsion xab ham yaratiladi: 2026 yildan ishtirokchilarning oʻquv va sertifikatlash xarajatlarining 50 foizi, ammo $20 mingdan oshmagan qismi qoplanadi.

Bundan tashqari, 2026 yildan boshlab Markaziy bank har yili moliyaviy texnologiyalar boʻyicha xalqaro forumlar oʻtkazadi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+