11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

13 329.150 so‘m

decrease

-108.120

146.750 so‘m

increase

0.790

11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

Yaqin 2 soat ichida
Texnologiya
41

Oʻzbekistonda filmlar boʻyicha qidiruv natijalarining 72 foizi pirat saytlarga olib borishi aniqlandi

Oʻzbekistonda mashhur film va seriallarni internetdan qidirishda birinchi sahifada chiqadigan havolalarning 72 foizi noqonuniy kontent tarqatuvchi saytlarga olib borishi aniqlandi. Kiberxavfsizlik kompaniyasi F6 tadqiqotiga koʻra, bunday saytlarning qariyb 39 foizi foydalanuvchilar uchun xavfli hisoblanadi. Qozogʻistonda esa bu koʻrsatkichlar mos ravishda 63 va 58,8 foizni tashkil etgan.

Oʻzbekistonda filmlar boʻyicha qidiruv natijalarining 72 foizi pirat saytlarga olib borishi aniqlandi

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish texnologiyalariga ixtisoslashgan F6 kompaniyasi Oʻzbekiston va Qozogʻistondagi internet-piratlik bozorini oʻrganib chiqdi. Tadqiqot natijalari 22 oktabr kuni eʼlon qilindi.

Kompaniyaning Digital Risk Protection boʻlimi mutaxassislari mashhur film va seriallarga oid 50 ta qidiruv soʻrovi natijalarini tahlil qilgan. Unga koʻra, Oʻzbekistonda qidiruv tizimining birinchi sahifasidagi havolalarning 72 foizi pirat resurslarga tegishli boʻlgan. Qozogʻistonda bu ulush 63 foizni tashkil etgan.

Faqat qidiruv natijalarining birinchi oʻrnida joylashgan havolalar hisobga olinganda, Oʻzbekistonda ularning 66 foizi noqonuniy kontent tarqatuvchi saytlarga olib borgan. Qozogʻistonda bu koʻrsatkich 84 foiz, Rossiyada esa atigi 1 foiz boʻlgan.

Tadqiqotda har ikki mamlakatdagi pirat kontent bozorining asosiy qismini rus tilidagi saytlar tashkil etishi aniqlangan.

Xususan, Oʻzbekistonda oʻrganilgan xorijiy filmning noqonuniy nusxalarini tarqatuvchi saytlarning 95 foizi rus tilidagi resurslar boʻlgan. Mahalliy saytlar ulushi esa 5 foizni tashkil etgan.

Oʻzbekiston filmlari misolida ham shunga oʻxshash holat kuzatilgan. Tadqiqot uchun tanlangan mahalliy filmni noqonuniy tarqatayotgan saytlarning 86 foizi rus tilidagi, qolgan 14 foizi esa Oʻzbekistonga tegishli resurslar boʻlgan.

Pirat saytlarning qariyb 39 foizi xavfli

F6 mutaxassislari noqonuniy kontent tarqatuvchi saytlarning foydalanuvchilar uchun xavfsizlik darajasini ham baholagan.

Natijalarga koʻra, Oʻzbekistonda tekshirilgan pirat saytlarning 38,9 foizi xavfli deb tasniflangan. Yana 52,9 foizi nisbatan xavfsiz, atigi 8,2 foizi esa xavfsiz deb baholangan.

Qozogʻistonda vaziyat boshqacharoq: pirat saytlarning 58,8 foizi xavfli, 36,5 foizi nisbatan xavfsiz va 4,7 foizi xavfsiz deb topilgan.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday resurslar foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlari oshkor boʻlishi yoki qurilmalariga zararli dasturlar oʻrnatilishi xavfini oshiradi.

Ayniqsa, filmlarni internetga ulanmasdan tomosha qilish uchun yuklab olinadigan torrent fayllari alohida xavf tugʻdiradi. Ular orqali parollar va boshqa maʼlumotlarni oʻgʻirlovchi dasturlar, kriptovalyuta mayningi vositalari, troyanlar hamda qurilmani masofadan boshqarishga moʻljallangan zararli dasturlar tarqatilishi mumkin.

Noqonuniy filmlar Telegram orqali ham keng tarqalmoqda

Tadqiqotda pirat kontentning ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va qonuniy videoxostinglar orqali tarqatilishi ham oʻrganilgan.

Oʻzbekistonda ushbu kanallar orqali aniqlangan noqonuniy nusxa tarqatish holatlarining 93 foizdan ortigʻi Telegram hissasiga toʻgʻri kelgan. Qozogʻistonda esa bu koʻrsatkich 97 foizdan oshgan.

Bundan tashqari, 2026 yilda rus tilida soʻzlashuvchi MDH mamlakatlari auditoriyasiga moʻljallangan FlixCDN nomli yangi noqonuniy video tarqatish xizmati paydo boʻlgan. F6 maʼlumotiga koʻra, mazkur xizmat Oʻzbekiston va Qozogʻistonda mavjud, biroq Rossiyada ishlamaydi.

Kompaniya internet-piratlik kino va seriallar mualliflariga iqtisodiy zarar yetkazish bilan birga, foydalanuvchilarning kiberxavfsizligiga ham tahdid tugʻdirishini taʼkidlagan.

Shu sababli mutaxassislar filmlarni litsenziyalangan platformalarda tomosha qilish, shubhali havolalarga kirmaslik va noqonuniy torrent fayllarini yuklab olmaslikni tavsiya etmoqda.

Taʼkidlash joizki, tadqiqot natijalari barcha internet qidiruvlari yoki Oʻzbekistondagi barcha kino saytlarini qamrab olmaydi. Keltirilgan 72 foizlik ulush aynan tanlangan 50 ta qidiruv soʻrovi natijalariga asoslangan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+