11 970.680 so‘m

increase

36.040

13 902.750 so‘m

increase

6.060

163.180 so‘m

decrease

-0.960

11 970.680 so‘m

increase

36.040

2 soat avval
Bank
34

Oʻzbekistonda faktoring bozori hajmi 2,3 trln soʻmga yetdi

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilning I choragida kredit tashkilotlari tomonidan 2,3 trln soʻmlik faktoring xizmatlari koʻrsatildi. 

Bozorning yarmidan koʻpi elektron platformalar orqali amalga oshirilgan, xalqaro faktoring hajmi esa oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 41 barobarga oshgan.

Faktoring oʻzi nima, u biznesga qanday yordam beradi va kredit tashkilotlari bu xizmatni qanday shartlarda moliyalashtirmoqda:

Oʻzbekistonda faktoring bozori hajmi 2,3 trln soʻmga yetdi

Markaziy bank 2026 yil I choragi boʻyicha faktoring xizmatlari bozori sharhini eʼlon qildi. Unga koʻra, yanvar–mart oylarida kredit tashkilotlari tomonidan jami 2,3 trln soʻmlik faktoring xizmatlari koʻrsatilgan.

Faktoring bozorida asosiy ulush klassik, yaʼni anʼanaviy faktoring hissasiga toʻgʻri kelgan. I chorakda bunday xizmatlar jami bozorning 65 foizini tashkil qilgan. Xususan, regress huquqi bilan faktoring hajmi 1,3 trln soʻm, regress huquqisiz faktoring esa 165 mlrd soʻm boʻlgan.

Reversiv, yaʼni teskari faktoring hajmi esa 796 mlrd soʻmni tashkil etgan. Bu jami faktoring xizmatlarining 35 foiziga teng.

Faktoring nima va biznesga nima beradi?

Faktoring — bu biznesning hali toʻlanmagan debitor qarzdorligini oldindan pulga aylantirish imkonini beradigan moliyaviy xizmatdir. Oddiyroq aytganda, kompaniya mahsulot yoki xizmat yetkazib beradi, lekin xaridor pulni keyinroq toʻlashi kerak boʻladi. Shu holatda kompaniya kutib oʻtirmasdan, oʻzining talab qilish huquqini bank yoki boshqa kredit tashkilotiga oʻtkazib, pulni oldindan olishi mumkin.

Klassik faktoringda odatda sotuvchi kompaniya tashabbuskor boʻladi. U xaridordan olinishi kerak boʻlgan pulni bank orqali oldindan moliyalashtiradi.

Regress huquqi bilan faktoringda qarzdor pulni vaqtida toʻlamasa, bank ushbu mablagʻni sotuvchi kompaniyadan qaytarib olish huquqiga ega boʻladi. Yaʼni toʻlamaslik xavfining bir qismi sotuvchi zimmasida qoladi.

Regress huquqisiz faktoringda esa qarzdorning pulni toʻlamaslik xavfi asosan bank zimmasiga oʻtadi. Shu sababli bunday faktoring odatda risk yuqoriroq boʻlgan mahsulot hisoblanadi.

Reversiv yoki teskari faktoringda esa jarayon odatda yirik xaridor tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyiladi. Bunda bank xaridorning yetkazib beruvchilariga pulni oldindan toʻlab beradi, xaridor esa keyinroq bank bilan hisob-kitob qiladi. Bu mexanizm ayniqsa yirik kompaniyalar bilan ishlovchi yetkazib beruvchilar uchun aylanma mablagʻni tezroq olish imkonini beradi.

Raqamli faktoring ulushi 53 foizni tashkil etdi

Bozorda raqamli faktoring ulushi ham yuqori boʻlib qolmoqda. 2026 yil I choragida koʻrsatilgan faktoring xizmatlarining 1,2 trln soʻmi, yaʼni 53 foizi elektron platformalar orqali amalga oshirilgan.

Shundan 627 mlrd soʻmi “Ozplanet”, 571 mlrd soʻmi esa “Finmakon” elektron faktoring platformasi hissasiga toʻgʻri kelgan.

Oylar kesimida ham oʻsish kuzatilgan. 2026 yil mart oyida faktoring xizmatlari hajmi 798 mlrd soʻmni tashkil etgan. Bu 2025 yil mart oyidagi 680 mlrd soʻmlik koʻrsatkichdan 18 foizga koʻp.

Hamkorbank faktoring hajmi boʻyicha yetakchi boʻldi

Banklar kesimida eng katta faktoring hajmi Hamkorbank tomonidan koʻrsatilgan — 314 mlrd soʻm.

Keyingi oʻrinlardan quyidagi banklar joy olgan:

  • Asakabank — 275 mlrd soʻm;
  • Oʻzmilliybank — 273 mlrd soʻm;
  • Mikrokreditbank — 228 mlrd soʻm;
  • Aziya Alyans bank — 143,2 mlrd soʻm;
  • Kapitalbank — 142,5 mlrd soʻm.

Hududlar kesimida faktoring xizmatlarining eng katta qismi Toshkent shahrida koʻrsatilgan. Poytaxtda I chorak davomida 1,1 trln soʻmlik faktoring xizmatlari amalga oshirilgan. Bu jami bozorning 48 foiziga teng.

Keyingi oʻrinlarni Namangan viloyati — 228 mlrd soʻm, Toshkent viloyati — 224 mlrd soʻm va Buxoro viloyati — 204 mlrd soʻm bilan egallagan.

Faktoringdan asosan MChJlar foydalanmoqda

Mijozlar tarkibida masʼuliyati cheklangan jamiyatlar asosiy ulushni egallagan. I chorakda ularga 2,2 trln soʻmlik faktoring xizmatlari koʻrsatilgan. Bu jami xizmatlarning 97,8 foizi demakdir.

Xususiy va oilaviy korxonalar hamda fermer xoʻjaliklari 27 mlrd soʻmlik, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar esa 24 mlrd soʻmlik faktoring xizmatidan foydalangan.

Faktoring xizmatlaridan asosan yirik aylanmaga ega tadbirkorlik subʼektlari foydalanmoqda. Yillik aylanmasi 100 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan kompaniyalarga 1,7 trln soʻmdan ortiq faktoring ajratilgan. Bu jami hajmning 77 foiziga teng.

Yillik aylanmasi 10 mlrd soʻmdan 100 mlrd soʻmgacha boʻlgan korxonalarga esa 448 mlrd soʻmlik faktoring xizmatlari koʻrsatilgan.

Iqtisodiyot tarmoqlari kesimida faktoring xizmatlarining asosiy qismi savdo va xizmat koʻrsatish sohasiga yoʻnaltirilgan. Ushbu yoʻnalishda 1,2 trln soʻmlik debitorlik qarzdorliklari moliyalashtirilgan. Bu jami hajmning 53 foizi demakdir.

Sanoat sohasi esa 868 mlrd soʻm yoki 38 foiz ulush bilan ikkinchi oʻrinda turibdi.

Xalqaro faktoring 41 barobarga oshdi

Xalqaro faktoring boʻyicha keskin oʻsish qayd etilgan. 2026 yil I choragida tijorat banklari tomonidan 190 mlrd soʻm ekvivalentida xalqaro faktoring xizmatlari koʻrsatilgan. Bu jami faktoring xizmatlarining 8 foiziga teng.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, ushbu koʻrsatkich 2025 yilning mos davriga nisbatan 41 barobarga oshgan.

Xalqaro faktoring operatsiyalarida Mikrokreditbank yetakchi boʻlgan — bank tomonidan 7,1 mln dollarlik xizmatlar amalga oshirilgan. Keyingi oʻrinlarda Asakabank — 3,7 mln dollar, Kapitalbank — 2,2 mln dollar va Oriyent Finans bank — 1,9 mln dollar bilan qayd etilgan.

Davlatlar kesimida xalqaro faktoringning eng katta qismi Birlashgan Arab Amirliklari va Rossiya bilan bogʻliq tashqi savdo operatsiyalariga toʻgʻri kelgan. BAA yoʻnalishida 73,3 mlrd soʻmlik, Rossiya yoʻnalishida esa 65,4 mlrd soʻmlik debitorlik qarzdorliklari moliyalashtirilgan.


Kredit tashkilotlarining faktoring uchun qoʻllayotgan diskon stavkasi:

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+