Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi yil boshidan beri qanday oʻzgarmoqda?
Avgust yakunida dollarning rasmiy kursi 11 801,23 soʻmni tashkil etib, yil boshidan beri 224,10 soʻmga yoki 1,9 foizga pasaydi. Kurs 10 fevralda 12 320,34 soʻm bilan yillik maksimumga chiqqan boʻlsa, 26 avgustda 11 778,52 soʻmgacha tushib, soʻnggi uch yildagi eng past darajani qayd etdi.

2026 yilda oʻzbek soʻmining AQSh dollarga nisbatan qadri yuqorilamoqda.
2026 yil boshida bir dollar 12 025,33 soʻm tashkil qilayotgan edi. Yanvar oyining ikkinchi yarmidan kurs koʻtarila boshladi va 10 fevralda 12 320,34 soʻmga yetdi. Bu yil davomida qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkich boʻlib qolmoqda.
Keyingi oylarda dollar pasayish yoʻnalishiga oʻtdi. Mart oxirida kurs 12 210,71 soʻmni, aprel oxirida esa 11 974,79 soʻmni tashkil etdi.
May va iyun oylarida dollar yana qisman qimmatlashdi. Xususan, 30 iyun kuni kurs 12 060,84 soʻmga yetdi. Iyul yakunida esa bir dollar 12 006,39 soʻmdan baholandi.
Asosiy pasayish avgust oyida kuzatildi. 17 avgust kuni dollar 11 857,35 soʻmgacha arzonlab, 2023 yil avgustidan buyon eng past darajaga tushdi. Keyingi kunlarda bu minimum yana bir necha bor yangilandi.
26 avgust kuni rasmiy kurs 11 778,52 soʻmgacha pasaydi. Bu 2026 yil boshidan buyon qayd etilgan eng past koʻrsatkich, shuningdek, 2023 yil avgustidagi keskin devalvatsiyadan keyingi minimum hisoblanadi.
Shu tariqa, yilning eng yuqori va eng past kursi oʻrtasidagi farq 541,82 soʻmni tashkil etdi. Dollar fevraldagi choʻqqidan avgustdagi minimumgacha 4,4 foizga arzonladi.
Oy oxiriga kelib kurs biroz tiklanib, 11 801,23 soʻmda shakllandi. Shunga qaramay, avgustning oʻzida dollar 205,16 soʻmga yoki 1,7 foizga arzonladi. Natijada yil boshidan avgust oxirigacha dollarning pasayishi 224,10 soʻm yoki 1,9 foizga yetdi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Gazeta.uz uchun yozgan tahlilida soʻmning mustahkamlanishini bir nechta omil bilan izohlagan.
Birinchidan, 2026 yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonning umumiy eksporti 9,2 foizga kamayganiga qaramay, oltinsiz eksport 30,7 foizga oʻsgan. Yaʼni oltin eksporti qisqargan boʻlsa-da, boshqa tovarlarni sotishdan tushayotgan valyuta hajmi koʻpaygan.
Ikkinchidan, mamlakatga investitsiyalar va tashqi qarz hisobidan valyuta kirib kelishi davom etmoqda. Aprel oyida 1 mlrd dollarlik yevrobondlar chiqarilgan, Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi orqali esa 600 mln dollardan ortiq mablagʻ jalb qilingan. Birinchi chorakda tashqi qarz, depozit va savdo kreditlarini ham qamrab oluvchi boshqa investitsiyalarning sof oqimi qariyb toʻrt barobar oshib, 1,3 mlrd dollarga yetgan.
Uchinchidan, xorijdan pul oʻtkazmalari birinchi yarim yillikda 13,4 foizga oshib, 9,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu ichki bozorda xorijiy valyuta taklifining koʻpayishiga yordam bergan.
Bundan tashqari, birinchi chorakda jismoniy shaxslar banklarga 6 mlrd dollarlik valyuta sotgan. Bu bir yil avvalgidan 1,5 barobar koʻp. Ekspert fikricha, pul oʻtkazmalarining oʻsishi bundan ancha past boʻlgani aholining eski dollar jamgʻarmalarini ham soʻmga almashtirayotganini koʻrsatishi mumkin.
Soʻmni Markaziy bankning qatʼiy pul-kredit siyosati ham qoʻllab-quvvatlamoqda. Iyun oyida 14 foizlik asosiy stavka bilan yillik inflyatsiya oʻrtasidagi farq 7,6 foiz punktga yetgan. Bu soʻmdagi jamgʻarmalarning jozibadorligini oshirib, xorijiy valyutaga talabni cheklaydi.
Ayni paytda kursning keyingi yoʻnalishi kafolatlangan emas. Pul oʻtkazmalari oʻsishining sekinlashishi, oltin narxining pasayishi yoki tashqi savdo defitsitining kengayishi dollarga talabni yana oshirishi mumkin.









