Oʻzbekistonda biznes faoliyatiga eng koʻp nimalar toʻsqinlik qilmoqda?
Oʻzbekistondagi tadbirkorlar korxonalarning toʻliq quvvatda ishlashiga eng koʻp gaz va elektr taʼminotidagi uzilishlar xalaqit berayotganini bildirdi. Ichki talabning yetarli emasligi, logistika muammolari, avtoyonilgʻi narxining oshishi va aylanma mablagʻ tanqisligi ham asosiy cheklovlar qatoridan joy oldi.

Bu haqda Markaziy bankning 2026 yil II chorak uchun biznes kayfiyati sharhida maʼlum qilindi. Soʻrov iyul oyida oʻtkazilib, unda barcha hududlardan 2 391 nafar tadbirkor qatnashgan.
Energiya taʼminotidagi uzilishlar deyarli barcha hududlarda eng katta muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Xususan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi respondentlarning qariyb 35 foizi ayrim kunlarda ishlamasligiga gaz va elektr uzilishlarini sabab qilib koʻrsatgan. Bir yil avval bu koʻrsatkich 21 foiz atrofida edi.
Toshkentda talabning yetarli emasligini qayd etganlar ulushi ham 12 foizdan qariyb 23 foizgacha oshgan. Logistika bilan bogʻliq uzilishlar esa bir yil ichida taxminan 6 foizdan 19 foizgacha koʻpaygan.
Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida ham gaz va elektr uzilishlari birinchi oʻrinda turibdi. Keyingi asosiy muammolar sifatida talabning yetarli emasligi, aylanma mablagʻ tanqisligi va mahsulot yetkazib berishdagi uzilishlar koʻrsatilgan.
Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida vaziyat biroz boshqacha: bu hududlarda talabning yetarli emasligi energiya taʼminotidagi uzilishlardan biroz yuqoriroq turadi. Logistika muammolari va aylanma mablagʻ yetishmasligi ham korxonalar faoliyatini cheklayotgan omillar qatoriga kirgan.
Qashqadaryo va Surxondaryoda, shuningdek, Jizzax va Sirdaryoda gaz hamda elektr uzilishlari asosiy toʻsiq boʻlib qolgan. Tadbirkorlar ichki talabning sustligi, logistika muammolari va avtoyonilgʻi narxining qimmatlashishini ham qayd etgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida energiya uzilishlarini koʻrsatgan respondentlar ulushi 35 foizga yaqinlashgan. Bu hududlarda logistika, aylanma mablagʻ tanqisligi va avtoyonilgʻi narxi ham boshqa hududlarga nisbatan yuqori cheklov sifatida koʻrsatilgan.
Shunga qaramay, mamlakat boʻyicha yuqori quvvatda ishlayotgan korxonalar ulushi bir yil ichida 50 foizdan 58 foizgacha oshgan. Respondentlarning 64 foizi biznes sharoitlari oʻtgan yilga nisbatan yaxshilanganini bildirgan. 2025 yil II choragida bunday fikrdagi tadbirkorlar ulushi 61 foiz edi.
Ijobiy baholarga bank xizmatlari sifatining oshishi, raqobat muhitining yaxshilanishi va litsenziya olish jarayonlarining soddalashishi taʼsir qilgan. Biroq energiya taʼminoti, monopollashuv, maʼmuriy aralashuvlar va bojxona tariflari boʻyicha sezilarli oʻzgarish kuzatilmagan.
Soʻrovda ishtirok etganlarning 42 foizi soʻnggi uch oyda qarz majburiyatlari oshganini bildirgan. Bundan tashqari, 45 foiz respondent kelgusi davrda ham qarz yuki koʻpayishini kutmoqda.
Ayni paytda tadbirkorlarning oʻrta muddatli kutilmalari ijobiy. Ularning 82 foizi kelgusi uch yil ichida mamlakatdagi makroiqtisodiy sharoitlar yaxshilanishiga ishonmoqda. Bir yil avval bu koʻrsatkich 66 foizni tashkil etgan.









