Oʻzbekistonda birinchi mikromoliya bankiga litsenziya berildi
Markaziy bank Boshqaruvining 2025 yil 24-oktabrdagi qaroriga muvofiq, “Tayyab Finance Mikromoliya Tashkiloti” AJga mikromoliya banki faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berildi. Shu bilan “Tayyab Finance” faoliyati “TAYANCH” mikromoliya bankiga aylantirildi.

Oʻzbekistonda ilk bor mikromoliya banki tashkil etildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Markaziy bank Boshqaruvining 2025 yil 24-oktabrdagi 27/7-sonli qaroriga muvofiq, “Tayyab Finance Mikromoliya Tashkiloti” aksiyadorlik jamiyatiga mikromoliya banki faoliyatini amalga oshirish uchun rasmiy litsenziya berildi.
Shu munosabat bilan “Tayyab Finance” mikromoliya tashkiloti faoliyati “TAYANCH” mikromoliya banki faoliyatiga aylantirildi. Hozirda bu boʻyicha tegishli reyestrlarda zarur oʻzgarishlar kiritilmoqda, deyiladi Markaziy bank xabarida.
“Tayyab Finance” mikromoliya tashkiloti 2022 yilda tashkil etilgan boʻlib, 2025 yil iyul oyida mikromoliya bankiga aylanish uchun Markaziy bankdan dastlabki ruxsatnoma olgan edi.
Maʼlumotlarga koʻra, yangi mikromoliya bankining taʼsischilari va boshqaruv jamoasi ilgari yirik tijorat hamda raqamli banklarda faoliyat yuritgan tajribali bank mutaxassislaridan iborat.
Eslatib oʻtamiz, joriy yil fevral oyida qabul qilingan qonun bilan Oʻzbekistonda mikromoliya banklari faoliyati va ularga litsenziya berish tartibi qonunchilikda ilk bor mustahkamlab qoʻyilgan edi.
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra:
- mikromoliya tashkilotlari mikromoliya bankiga aylanishi,
- mikromoliya banklari esa tijorat banki faoliyatiga oʻtishi,
- tijorat banklari mikromoliya banki sifatida faoliyat yuritishi,
- shuningdek, mikromoliya banklari qayta tashkil etilib, mikromoliya tashkiloti shaklida ishlashi mumkin.
Keyingi mikromoliya banki — “Agat”
Shuningdek, “Agat Credit” AJ ham oʻz faoliyat shaklini mikromoliya tashkilotidan mikromoliya bankiga oʻzgartirish jarayonini boshlab yuborgan.
2025 yil 21-oktabr kuni jamiyat aksiyadorlarining navbatdagi umumiy yigʻilishida “Agat Credit” faoliyatini mikromoliya tashkilotidan mikromoliya banki shakliga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.









