Oʻzbekistonda Apple Pay va Google Pay kirib kelishiga toʻsiq boʻlgan qonun oʻzgarmoqda
Qonunchilik palatasi “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilayotgan oʻzgartishlarni qabul qildi. Ilgari xalqaro toʻlov tizimlarining Oʻzbekistonga kirishiga toʻsiq boʻlib kelgan normalar qayta koʻrib chiqilib, hujjat Senatga yuborildi.

Qonunchilik palatasining 20 yanvar kungi majlisida “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilayotgan oʻzgartishlar qabul qilinib, koʻrib chiqish uchun Senatga yuborildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Oʻzgarishlar mamlakatga yetakchi xorijiy platformalar jumladan Apple Pay, Google Pay va boshqalarni olib kirishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasi Oʻzbekiston hududida majburiy saqlanishi lozim boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlar turlarini aniq belgilashni koʻzda tutadi. Shuningdek, ayrim shaxsiy maʼlumotlarni chet elda qayta ishlash va saqlash shartlari, jumladan axborot xavfsizligi talablari, xalqaro standartlar hamda vakolatli organlar belgilagan meʼyorlarga rioya etish tartibi nazarda tutilmoqda.
Majlisda taʼkidlanishicha, mazkur oʻzgartishlar xalqaro toʻlov tizimlarini Oʻzbekistonga jalb etish, investitsiya muhitini yaxshilash, raqamli xizmatlar bozorini kengaytirish hamda fuqarolar va sayyohlar uchun zamonaviy toʻlov imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.
Qayd etilishicha, mamlakatda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan zamonaviy raqamli toʻlov tizimlarini joriy etish va xalqaro onlayn toʻlov kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan maʼqullanib, Senat koʻrib chiqishiga taqdim etildi. Yuqori palata tomonidan tasdiqlanganidan soʻng hujjat prezident imzolashiga kiritiladi.
Eslatib oʻtamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil noyabr oyida AQShga amalga oshirgan tashrifi chogʻida raqamli platformalarni tartibga solish va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha qonunchilikni yangilash ishlari olib borilayotganini maʼlum qilgan edi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda xalqaro onlayn toʻlov tizimlarini joriy etish tashabbusi 2024 yilda ham ilgari surilgan edi. Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, Markaziy bank, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Turizm qoʻmitasiga Apple Pay, Google Pay, PayPal, Alipay va UniPay kabi kompaniyalar bilan muzokaralar oʻtkazish hamda ularning xizmatlarini milliy toʻlov tizimlariga moslashtirish boʻyicha topshiriqlar berilgan.









