Oʻzbekistonda 134 ta DXSh bitimi muddatidan oldin bekor qilingan
Oʻzbekistonda muddatidan oldin bekor qilingan 134 ta DXSh bitimining umumiy qiymati 594,1 mlrd soʻmni tashkil etadi. Barcha DXSh bitimlari doirasidagi davlatning jami toʻgʻridan-toʻgʻri va shartli majburiyatlari esa 2029 yilga borib 390 trln soʻmga yetishi prognoz qilingan.

2027–2029 yillarga moʻljallangan Fiskal strategiyaga koʻra, Oʻzbekistonda DXSh loyihalari portfeli 2025 yil yakunida 2 818 ta loyihani qamrab olgan. Ularning umumiy qiymati 437,9 trln soʻmni tashkil etib, portfel qiymatining 93 foizi energetika sohasiga toʻgʻri keladi.
DXSh bitimlari doirasidagi davlatning toʻgʻridan-toʻgʻri va shartli majburiyatlari 2026 yildagi 314 trln soʻmdan 2029 yilda 390 trln soʻmgacha oshishi prognoz qilingan. Ushbu koʻrsatkich 2027 yilda YaIMning 14,9 foiziga yetib, 2029 yilda 12,1 foizgacha pasayishi kutilmoqda.
Majburiyatlar oʻsishining asosiy qismi energetika loyihalari bilan bogʻliq. Davlat ishtirokidagi korxonalarning energetika sohasidagi DXSh loyihalari boʻyicha toʻlovlari 2025 yilda 11,4 trln soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2026 yilda 19,9 trln soʻmga, 2028 yilda 35,8 trln soʻmga yetishi kutilmoqda. 2029 yil uchun toʻlovlar 35,4 trln soʻm miqdorida prognoz qilingan.
Shu bilan birga, barcha DXSh loyihalari ham muvaffaqiyatli yakunlanmagan. 2026 yil 1 yanvar holatiga suv xoʻjaligi, taʼlim, hunarmandchilik, ijtimoiy obʼektlarni isitish tizimlarini modernizatsiya qilish va boshqa sohalarda jami 134 ta bitim muddatidan oldin bekor qilingan. Ularning umumiy qiymati 594,1 mlrd soʻmni tashkil etadi.
Strategiyada DXSh loyihalarining koʻpayishi investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qilishi qayd etilgan. Biroq toʻlov majburiyatlarining oshishi hamda bitimlar muddatidan oldin bekor qilinganda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kompensatsiyalar davlat moliyasi uchun uzoq muddatli fiskal xatar sifatida baholanmoqda.









