12 208.080 so‘m

increase

32.740

14 116.200 so‘m

increase

52.460

155.000 so‘m

increase

0.710

12 208.080 so‘m

increase

32.740

6 soat avval
Iqtisodiyot
54

Oʻzbekiston–AQSh qoʻshma investitsiya platformasi yil oxirigacha ishga tushishi kutilmoqda

AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) Oʻzbekistonga xorijiy investorlarni jalb etish va yirik loyihalarni moliyalashtirishda yaqindan koʻmaklashadi. 

Tomonlar yil oxirigacha yangi investitsiya platformasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. 

Oʻzbekiston va DFC oʻrtasidagi hamkorlik haqida batafsil:

Oʻzbekiston–AQSh qoʻshma investitsiya platformasi yil oxirigacha ishga tushishi kutilmoqda
Foto: AI/Pinkod.uz

AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) Oʻzbekistonga xorijiy investorlarni jalb etishda yaqindan koʻmaklashadi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi.

7 aprel kuni Saida Mirziyoyeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi DFC bosh direktori Ben Blek bilan muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuvda quyidagi rasmiylar ishtirok etdi:

  • Komil Allamjonov — Prezident Administratsiyasi maslahatchi-elchisi;
  • Nozimaxon Davletova — Prezident Administratsiyasi Tashqi aloqalar departamentining Tashqi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish boshqarmasi boshligʻi;
  • Laziz Qudratov — Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri;
  • Furqat Sidiqov — Oʻzbekistonning AQShdagi elchisi.

Muzokaralar chogʻida tomonlar “keng koʻlamli loyihalar portfeli”ni muhokama qildilar. DFC Oʻzbekistonga amerikalik investorlarni jalb qilishda yordam berishga va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan moliyaviy xavflarni oʻzaro taqsimlashga tayyorligini bildirdi.

"Shuningdek, joriy yilda qoʻshma investitsiya platformasini ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz", — deya qoʻshimcha qildi Saida Mirziyoyeva.

Eslatib oʻtamiz, biroz avval AQSh poytaxtida Amerika–Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ochilish marosimi boʻlib oʻtgan edi. Kengash faoliyati investitsiyalarni jalb qilish, savdo aloqalarini kengaytirish va strategik loyihalarni ilgari surishga qaratilgan.

DFC oʻzi nima va u nima bilan shugʻullanadi?

DFC (U.S. International Development Finance Corporation) – AQShning xalqaro taraqqiyot moliya instituti boʻlib, rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma, energetika, sogʻliqni saqlash va sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun xususiy kapitalni safarbar qilish bilan shugʻullanadi.

Tashkilot nafaqat yirik moliyaviy mablagʻlar ajratadi, balki sarmoyadorlar uchun siyosiy xatarlarni sugʻurtalash, qarz bilan taʼminlash kabi kafolat xizmatlarini ham koʻrsatadi. Bu esa xorijiy kompaniyalarning Oʻzbekiston bozoriga ishonch bilan kirib kelishiga zamin yaratadi.

Oʻzbekiston va AQShning qoʻshma investitsiya platformasini yaratish rejalari haqidagi maʼlumotlar ilk bor Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil noyabr oyida Vashingtonga tashrifi chogʻida paydo boʻlgan edi. Prezident Ben Blek bilan ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun platforma yaratishni jadallashtirish choralarini, shuningdek, Toshkentda DFC mintaqaviy ofisini ochish masalalarini muhokama qilgan.

Keyinchalik AQSh Oʻzbekiston bilan muhim foydali qazilmalar boʻyicha strategik kelishuv imzoladi. DFC bayonotiga koʻra, ushbu tashabbus ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik hamkorlikni butunlay yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan.

Rejaga koʻra, investitsiyalar muhim foydali qazilmalar qiymat zanjirining barcha bosqichlarini, jumladan geologik qidiruv, qazib olish va qayta ishlashni qamrab oladi. Shuningdek, kelgusidagi mineral va infratuzilma loyihalari uchun AQSh–Oʻzbekiston Qoʻshma investitsiya xolding kompaniyasini tashkil etish taklif qilinmoqda.

DFC bayonotiga koʻra, Oʻzbekiston bilan tuzilgan kelishuv “umumiy iqtisodiy manfaatlarni ilgari surish, shuningdek muhim foydali qazilmalar, infratuzilma va energetika kabi strategik sohalarda qoʻshma investitsiyalarni ragʻbatlantirishga” xizmat qiladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+