Oʻzbekiston yuqori daromadli mamlakatlar qatoriga Markaziy Osiyodan eng oxirgi boʻlib kirishi mumkin — Jahon banki
Jahon banki maʼlumotiga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida jon boshiga 14 ming dollarlik daromad darajasiga Qozogʻiston va Turkmaniston taxminan 25 yilda yetadi.
Tashkilot prognozida Oʻzbekiston va Tojikiston uchun bu muddat 100 yildan oshishi taʼkidlangan.

Jahon bankining hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekiston yuqori daromadli mamlakatlar qatoriga Markaziy Osiyodan eng oxirgi boʻlib kirishi mumkin.
Tashkilot takidlashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida jon boshiga daromad boʻyicha yuqori daromadli davlatlar (2023 yil hisobida — 14 ming dollar) qatoriga birinchi boʻlib Qozogʻiston va Turkmaniston kirishi kutilmoqda. Mazkur darajaga yetish uchun ularga oʻrtacha 25 yil kerak boʻlishi aytilgan.
Prognozlarga koʻra, Qirgʻiziston taxminan 70 yildan soʻng yuqori daromad darajasiga erishadi. Oʻzbekiston va Tojikiston esa mintaqada eng oxirgi boʻlib bu bosqichga chiqadi — bu jarayon ular uchun 100 yildan ortiq vaqt olishi mumkin.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning taʼkidlashicha, bu prognozlar soʻnggi 10 yildagi oʻrtacha iqtisodiy oʻsish surʼatlari asosida tuzilgan. Biroq hisob-kitoblarga Covid-19 pandemiyasi davridagi iqtisodiy pasayishlar hamda davr boshida Qozogʻiston va Qirgʻizistonda kuzatilgan daromadlarning keskin kamayishi ham taʼsir qilgan. Natijada umumiy oʻsish surʼatlari past koʻrinib, prognoz muddati choʻzilgan.
Shu bilan birga, iqtisodchi pandemiyadan keyingi ijobiy iqtisodiy dinamika muddatlarni sezilarli qisqartirishi mumkinligini aytmoqda:
“Hisob-kitoblarimga koʻra, Qozogʻiston 2026 yilning oʻzida jon boshiga 14 ming dollarlik darajadan oʻtadi. Turkmaniston — 2034 yilda, Tojikiston — 2037 yilda, Oʻzbekiston esa 2042 yilda bu bosqichga yetadi. Shunday boʻlsa-da, Oʻzbekiston mintaqada eng oxirgi boʻlib yuqori daromadli davlatlar qatoriga kiradi”, — deydi iqtisodchi.
Pandemiyadan keyingi tezlashgan iqtisodiy oʻsish prognoz muddatlarini ancha qisqartirsa-da, Oʻzbekiston yuqori daromadli mamlakatlar safida mintaqada baribir soʻnggi oʻrinda boʻlishi kutilmoqda.