12 017.040 so‘m

increase

26.780

13 712.640 so‘m

decrease

-25.800

160.630 so‘m

decrease

-1.600

12 017.040 so‘m

increase

26.780

4 soat avval
Bank
74

Oʻzbekiston yoki Qozogʻiston: birinchi chorakda qaysi mamlakat bank tizimi koʻproq sof foyda oldi?

2026 yilning birinchi choragida Qozogʻiston banklari Oʻzbekiston banklariga nisbatan qariyb 2,7 baravar koʻp sof foyda oldi. 

Qozogʻistonda banklar foydasi yillik hisobda 10,8 foizga kamaygan boʻlsa, Oʻzbekistonda 61,6 foizga oshdi. 

Shunga qaramay, aktivlar va kapital rentabelligi boʻyicha ham Qozogʻiston bank tizimi yuqoriroq natija qayd etgan. 

Oʻzbekiston yoki Qozogʻiston: birinchi chorakda qaysi mamlakat bank tizimi koʻproq sof foyda oldi?
Foto: AI/Pinkod.uz

2026 yilning yanvar–mart oylarida Qozogʻiston bank tizimining sof foydasi 592 mlrd tengeni tashkil etdi. Chorak yakunidagi rasmiy valyuta kursi boʻyicha bu qariyb 1,24 mlrd dollarga teng.

Oʻzbekiston tijorat banklari esa shu davrda 5,52 trln soʻm yoki qariyb 458 mln dollar sof foyda olgan.

Shu tariqa, dollar hisobida Qozogʻiston banklarining birinchi chorakdagi sof foydasi Oʻzbekiston banklarinikidan qariyb 2,7 baravar koʻp boʻlgan.

KoʻrsatkichOʻzbekistonQozogʻiston
Banklar soni34 ta23 ta
Sof foyda5,52 trln soʻm592 mlrd tenge
Dollar ekvivalentidaqariyb $458 mlnqariyb $1,24 mlrd
Yillik oʻzgarish+61,6%−10,8%
Aktivlar rentabelligi — ROA2,6%3,9%
Kapital rentabelligi — ROE16%26,4%

Farq faqat bozor hajmi bilan bogʻliq emas

Qozogʻiston bank tizimi Oʻzbekistondagidan kattaroq. 2026 yil 1 aprel holatiga Qozogʻiston banklarining jami aktivlari 70,5 trln tengeni yoki qariyb 147,4 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Oʻzbekistonda bank tizimi aktivlari 959,4 trln soʻm yoki qariyb 79,6 mlrd dollarga teng boʻlgan.

Demak, Qozogʻiston bank tizimi aktivlar hajmi boʻyicha Oʻzbekistondagidan qariyb 1,9 baravar katta. Sof foydadagi farq esa 2,7 baravarni tashkil qilmoqda.

Bu Qozogʻiston banklarining koʻproq foyda olishini faqat bozor hajmining kattaligi bilan tushuntirish yetarli emasligini koʻrsatadi. Banklar mavjud aktivlardan qanchalik samarali daromad olayotgani ham muhim.

Qozogʻiston banklari aktivlaridan koʻproq foyda olmoqda

Banklarning daromadliligini taqqoslashda aktivlar rentabelligi — ROA va kapital rentabelligi — ROE koʻrsatkichlari qoʻllaniladi.

ROA bank oʻz tasarrufidagi aktivlardan qancha daromad olayotganini, ROE esa aksiyadorlar kiritgan kapital qanchalik samarali ishlayotganini koʻrsatadi.

Birinchi chorak yakunida Qozogʻiston bank tizimining aktivlar rentabelligi 3,9 foizni tashkil qilgan. Oʻzbekistonda esa bu koʻrsatkich 2,6 foiz darajasida boʻlgan.

Kapital rentabelligida tafovut yanada katta. Qozogʻiston banklarida ROE 26,4 foizni, Oʻzbekistonda 16 foizni tashkil etgan.

Yaʼni Qozogʻiston banklari nafaqat koʻproq aktivga ega, balki ushbu aktivlar va oʻz kapitalidan Oʻzbekiston banklariga nisbatan yuqoriroq daromad olmoqda.

Oʻzbekistonda foyda tezroq oshgan

Mutlaq foyda va rentabellik boʻyicha Qozogʻiston oldinda boʻlsa-da, yillik dinamika Oʻzbekiston foydasiga boʻlgan.

2025 yilning birinchi choragida Oʻzbekiston banklarining sof foydasi 3,42 trln soʻmni tashkil qilgan edi. 2026 yilning shu davrida koʻrsatkich 5,52 trln soʻmga yetgan.

Bir yil ichida banklar foydasi 2,1 trln soʻmga yoki 61,6 foizga oshgan.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston bank tizimining aktivlar rentabelligi 2,1 foizdan 2,6 foizgacha, kapital rentabelligi esa 11,6 foizdan 16 foizgacha koʻtarilgan.

Qozogʻistonda esa banklarning sof foydasi bir yil oldingi koʻrsatkichga nisbatan 10,8 foizga kamaygan. 

Bitta bankka qancha foyda toʻgʻri keladi?

Qozogʻistonda 2026 yil 1 aprel holatiga 23 ta ikkinchi darajali bank faoliyat yuritgan. Oʻzbekistonda esa tijorat banklari soni 34 tani tashkil qilgan.

Sof foyda barcha banklar oʻrtasida teng taqsimlangan, degan shartli hisobda Qozogʻistonda bitta bankka oʻrtacha 53,8 mln dollar foyda toʻgʻri keladi.

Oʻzbekistonda esa bitta bankning oʻrtacha choraklik foydasi qariyb 13,5 mln dollarni tashkil qiladi.

Bu Qozogʻistondagi oddiy oʻrtacha koʻrsatkich Oʻzbekistondagidan qariyb toʻrt baravar yuqori ekanini anglatadi.

Biroq ushbu hisob banklar oʻrtasidagi haqiqiy taqsimotni koʻrsatmaydi. 

Eng koʻp foydani qaysi banklar oldi?

Oʻzbekistonda birinchi chorak yakuniga koʻra eng koʻp sof foyda olgan bank “Ipoteka-bank” boʻldi. Bank 846,4 mlrd soʻm sof foyda qayd etib, mamlakat bank tizimidagi jami foydaning 15 foizdan ortigʻini shakllantirdi.

Ikkinchi oʻrinni 603,2 mlrd soʻm bilan “Oʻzmilliybank” egallagan boʻlsa, “Oʻzsanoatqurilishbank” 550 mlrd soʻmlik natija bilan kuchli uchlikni yakunladi.

Oʻzbekistondagi eng daromadli beshta bank:

  1. “Ipoteka-bank” — 846,4 mlrd soʻm;
  2. “Oʻzmilliybank” — 603,2 mlrd soʻm;
  3. “Oʻzsanoatqurilishbank” — 550 mlrd soʻm;
  4. “Hamkorbank” — 467,7 mlrd soʻm;
  5. “Xalq banki” — 326 mlrd soʻm.

Mazkur beshta bank jami 2,79 trln soʻm sof foyda olgan. Bu Oʻzbekiston bank tizimining birinchi chorakdagi umumiy foydasining qariyb 51 foiziga teng.

“Ipoteka-bank”dagi natija ayniqsa keskin oʻzgarish boʻldi. Bank 2025 yilning birinchi choragini 30,7 mlrd soʻmlik zarar bilan yakunlagan boʻlsa, 2026 yilning shu davrida sof foyda boʻyicha tizim yetakchisiga aylandi.

Qozogʻistonda esa sof foydaning katta qismi ikkita yirik bankda jamlangan.

Birinchi chorakda Halyk Bank 210,1 mlrd tenge sof foyda olib, mamlakat bank tizimida birinchi oʻrinni egalladi. Keyingi oʻrinda 110,6 mlrd tenge bilan Kaspi Bank turibdi. Faqat shu ikki bankning oʻzida Qozogʻiston bank tizimi sof foydasining 54 foizdan ortigʻi jamlangan.

Qozogʻistondagi eng daromadli beshta bank:

  1. Halyk Bank — 210,1 mlrd tenge;
  2. Kaspi Bank — 110,6 mlrd tenge;
  3. Bank CenterCredit — 54 mlrd tenge;
  4. ForteBank — 32,7 mlrd tenge;
  5. Otbasy Bank — 31,9 mlrd tenge.

Ushbu beshta bankning jami sof foydasi 439,3 mlrd tengeni tashkil qilgan. Bu mamlakat bank tizimidagi 592,3 mlrd tengelik umumiy foydaning qariyb 74 foiziga teng.

Biroq Qozogʻistondagi yetakchi banklarning aksariyatida yillik pasayish kuzatilgan. Halyk Bank foydasi 15 foizga, Kaspi Bank’niki 13,8 foizga, Bank CenterCredit’niki 31,1 foizga, ForteBank’niki 22,7 foizga, Otbasy Bank’niki esa 12,7 foizga kamaygan.

Oʻzbekistonda esa aksincha, yetakchi banklarning koʻpchiligi foydasini oshirgan.

Kredit bozorlari tuzilishida ham farq bor

Ikki mamlakat bank tizimi oʻrtasidagi muhim farqlardan biri kreditlarning kimlarga ajratilayotganidir.

Qozogʻistonda banklarning iqtisodiyotga yoʻnaltirilgan kredit portfeli 40,3 trln tengeni tashkil qilgan. Shundan 25,1 trln tengesi jismoniy shaxslar kreditlari hissasiga toʻgʻri kelgan.

Hisob-kitob boʻyicha, aholiga berilgan kreditlarning umumiy portfeldagi ulushi qariyb 62 foizni tashkil etadi.

Oʻzbekistonda esa 623,3 trln soʻmlik jami kredit portfelining 227,1 trln soʻmi jismoniy shaxslarga ajratilgan. Aholi kreditlarining umumiy portfeldagi ulushi 36,4 foiz atrofida.

Shu tariqa, Qozogʻiston bank tizimi chakana kreditlashga Oʻzbekistondagidan ancha koʻproq yoʻnaltirilgan.

Chakana kreditlar, ayniqsa taʼminotsiz isteʼmol kreditlari odatda yuqoriroq foiz va marja keltirishi mumkin. Bu Qozogʻiston banklarining rentabelligi yuqoriroq boʻlishiga taʼsir qilayotgan omillardan biri boʻlishi ehtimoli bor.

Biroq chakana kreditlashning yuqori ulushi faqat daromad emas, qoʻshimcha tavakkalchilikni ham anglatadi. Aholining qarz yuki oshsa yoki daromadlari pasaysa, kreditlarning oʻz vaqtida qaytarilmasligi koʻpayishi mumkin.

Qozogʻistonda 90 kundan ortiq kechiktirilgan kreditlar ulushi 3,9 foizni, Oʻzbekistonda muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi 3,2 foizni tashkil qilgan.


Muallif: Diyorbek Qambarov

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+