12 009.290 so‘m

decrease

-4.230

13 699.000 so‘m

increase

49.240

154.740 so‘m

decrease

-5.210

12 009.290 so‘m

decrease

-4.230

2 soat avval
Iqtisodiyot
64

Oʻzbekiston yil boshidan buyon 24 tonna oltin xarid qildi

Jahon oltin kengashi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston 2026 yilning dastlabki toʻrt oyida sof hisobda 24 tonna oltin xarid qilib, dunyo markaziy banklari orasida Polshadan keyin ikkinchi oʻrinni egalladi. Mamlakatning jami oltin zaxiralari qariyb 414 tonnaga yetgan.

Oʻzbekiston yil boshidan buyon 24 tonna oltin xarid qildi
Foto: AI/Pinkod.uz

Jahon oltin kengashi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston Markaziy banki aprel oyida 1 tonna oltin sotgan. Shunga qaramay, yil boshidan buyon amalga oshirilgan xarid va sotuvlar farqi hisobga olinganda, mamlakatning sof xaridi 24 tonnani tashkil etgan.

Natijada Oʻzbekiston 2026 yilning dastlabki toʻrt oyida oltin xarid qilgan markaziy banklar reytingida ikkinchi oʻrinni egalladi. Birinchi oʻrinda Polsha boʻlib, ushbu mamlakat yil boshidan buyon zaxiralariga 45 tonna oltin qoʻshgan.

Jahon oltin kengashi hisob-kitobiga koʻra, Oʻzbekistonning oltin zaxiralari qariyb 414 tonnaga yetgan. Oltinning mamlakat jami xalqaro zaxiralaridagi ulushi esa 88 foizni tashkil etmoqda.

Aprelda dunyo markaziy banklari jami sof hisobda 19 tonna oltin sotib oldi. Bu mart oyida kuzatilgan yirik sof sotuvlardan keyingi tiklanish boʻldi. Oy davomida eng koʻp oltinni Polsha xarid qildi — mamlakat zaxiralarini yana 14 tonnaga oshirdi. Polshaning jami oltin zaxiralari 595 tonnaga yetib, umumiy zaxiralarining qariyb 30 foizini tashkil qilmoqda.

Xitoy Xalq banki aprel oyida 8 tonna oltin sotib oldi. Bu 2024 yil dekabridan buyon qayd etilgan eng katta oylik xarid boʻldi. Xitoy ketma-ket 18 oydan beri oltin zaxiralarini koʻpaytirib kelmoqda. Mamlakatning rasmiy oltin zaxiralari 2,3 ming tonnadan oshgan.

Chexiya Markaziy banki esa aprel oyida yana 3 tonna oltin xarid qildi. Bu bankning ketma-ket 38-oylik xaridi boʻlib, mamlakat oltin zaxiralari 79 tonnaga yetgan.

Ayrim davlatlar, aksincha, oltin sotishni davom ettirdi. Rossiya aprel oyida 6 tonna, yil boshidan buyon esa jami 22 tonna oltinni sof hisobda sotgan. Turkiyaning oltin zaxiralari esa aprel oyida deyarli oʻzgarishsiz qolgan.

Jahon oltin kengashi qayd etishicha, soʻnggi yillarda markaziy banklarning oltin xaridlari asosan Sharqiy Yevropa va Osiyo davlatlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Oxirgi 36 oyda dunyo markaziy banklari oyiga oʻrtacha 29 tonnadan oltin sotib olgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+