Oʻzbekiston yanvarda oltin va gaz eksportini amalga oshirmadi
2026 yil yanvar oyida Oʻzbekiston oltin va tabiiy gaz eksportini amalga oshirmadi.
Shu bilan birga, gaz importi keskin oshib, 167,6 mln dollarni tashkil etdi.
Import hajmining tezroq oʻsishi esa tashqi savdo balansida 2,4 mlrd dollarlik salbiy saldoni yuzaga keltirdi.

2026 yil yanvar oyida Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 5,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 29,2 foizga yuqori koʻrsatkichdir.
Hisobot davrida eksport hajmi 1,7 mlrd dollarni (+26,7 foiz), import esa 4,1 mlrd dollarni (+30,3 foiz) tashkil qildi. Eʼtiborlisi, import eksportga qaraganda tezroq surʼatda oʻsdi.
Natijada tashqi savdo balansidagi salbiy saldo yanvar oyida 2,4 mlrd dollarga yetdi.
Yanvar oyida Oʻzbekiston oltin eksportini amalga oshirmadi. Shunga oʻxshash holat 2024 va 2025 yillarning ilk oylarida ham kuzatilgan edi.
Bundan tashqari, 2026 yil yanvarida tabiiy gaz eksporti ham toʻxtatildi. Aksincha, gaz importi keskin oshdi: yanvar oyida import hajmi 167,6 mln dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 6,9 baravarga koʻpaydi.
Maʼlumot uchun 2025 yil yakunlari Oʻzbekiston oltin eksporti tarixida rekord natijani qayd etdi.
Yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning qimmatbaho metallar eksporti hajmi 9,9 mlrd dollardan oshdi, bu esa 2024 yilga nisbatan 32,3 foizga koʻp. Oltin umumiy eksport tarkibining 29,3 foizini tashkil etadi. Ushbu koʻrsatkich mamlakat tarixidagi eng yuqori eksport natijasi hisoblanadi.









