Oʻzbekiston xususiylashtirish strategiyasida asosiy eʼtibor SQB’ga qaratilmoqda
Fitch’ning bazaviy ssenariysiga koʻra, SQB’dagi nazorat paketi sotuvi UzNIF’ning 2026 yilda rejalashtirilgan IPO’sidan keyin amalga oshishi mumkin. Joriy yil sentabr oyida SQB’ning 30 foizlik ulushi jamgʻarma tarkibiga oʻtkazilgan edi.

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonning xususiylashtirish strategiyasida endilikda eʼtibor koʻproq Sanoatqurilishbank (SQB) ga qaratilayotganini maʼlum qildi.
Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) SQB’ni isloh qilish jarayonida markaziy rol oʻynamoqda. Hukumat bu bankni xususiylashtirishning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilagan.
Sentabr oyida qabul qilingan Prezident farmoniga koʻra, SQB’ning Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli 30 foizlik ulushi Milliy investitsiya jamgʻarmasiga oʻtkazildi.
Avvalroq bankdagi davlat ulushini 2025 yil yakuniga qadar 50 foizdan kamaytirish majburiyati belgilangan edi, biroq ushbu talab endilikda bekor qilindi.
Hukumatning 2025 yil iyul oyida tasdiqlangan fiskal strategiyasiga muvofiq, SQB, Asakabank (BB/Barqaror), Aloqabank (BB/Barqaror) va Turonbankni 2026 yilda yoki undan keyingi davrda xususiylashtirish rejalashtirilgan.
Fitch’ning bazaviy ssenariysiga koʻra, SQBdagi nazorat paketi sotuvi UzNIF’ning 2026 yilda rejalashtirilgan IPO’sidan soʻng amalga oshishi mumkin. Bu esa bank xususiylashtirish jarayonini yanada jadallashtiradi.
“SQBning muvaffaqiyatli xususiylashtirilishi Asakabank va Aloqabank kabi boshqa davlat banklari uchun ham ijobiy namuna boʻlishi mumkin. Biroq ularning xususiylashtirilish istiqbollari, ehtimol, 2030 yilgacha choʻziladi”, — deyiladi agentlik sharhida.
Oʻzbekiston va IPO
Eslatib oʻtamiz, 1 maydan boshlab Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi boshqaruvi AQShning Franklin Templeton investitsiya guruhiga oʻtkazilgan edi.
Hozirgi kunda UzNIF taxminan 1,7 milliard dollarlik aktivlarni boshqarmoqda. Jamgʻarma London va Toshkent fond birjalarida qoʻshma IPO (boshlangʻich ommaviy taklif) oʻtkazish imkoniyatini ham koʻrib chiqmoqda.
Franklin Templeton kompaniyasi joriy yilda jamgʻarma boshqaruvini oʻz zimmasiga olgan va hozirda STJ Advisors kabi xalqaro moliyaviy maslahatchilar bilan hamkorlikda ishlamoqda.
Kompaniya vakillarining taʼkidlashicha, UzNIF aksiyalari Toshkent fond birjasida va xorijiy birjalardan birida joylashtiriladi. Hozircha qaysi xalqaro birja tanlanishi aniq emas.
Avvalroq Pinkod NKMK Oʻzbekiston va Buyuk Britaniyada ikkita IPO oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrayotgani haqida yozgan edi.
Davlat korxonasi qarzlarni ham hisobga olgan holda taxminan 20 milliard dollarlik baholashga erishishni kutmoqda.









