11 789.330 so‘m

increase

4.030

13 702.740 so‘m

increase

7.040

136.480 so‘m

increase

0.350

11 789.330 so‘m

increase

4.030

Yaqin 2 soat ichida
Bank
38

Oʻzbekiston Turonbank va qator yirik davlat aktivlarini xususiylashtiradi

Oʻzbekistonda navbatdagi yirik xususiylashtirish dasturi doirasida “Turonbank”ning davlatga tegishli 98,9 foiz aksiyasini ochiq savdoga chiqarish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, “Xalq Sugʻurta”, “Oʻzekspomarkaz”, Xalqaro biznes markazi va qator sanoat hamda transport korxonalaridagi davlat ulushlari ham xususiylashtiriladi.

Oʻzbekiston Turonbank va qator yirik davlat aktivlarini xususiylashtiradi

Prezidentning 28 avgustdagi PF-177-son farmoni bilan iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha yangi xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi.

Dasturga jami 84 ta xoʻjalik jamiyatidagi davlat ulushlari kiritilgan. Shuningdek, 1 242 ta koʻchmas mulk obʼekti va tadbirkorlik hamda shaharsozlik maqsadlari uchun qariyb 8 ming gektar yer savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Eng yirik aktivlardan biri “Turonbank” boʻladi. Bankning davlatga tegishli 98,9 foiz aksiyasi ochiq savdoga chiqariladi. Bankni xususiylashtirishga tayyorlash uning joriy holati va xalqaro konsultantlar xulosalarini hisobga olgan holda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklatilgan. 

Bundan tashqari, ustav kapitali toʻliq davlatga tegishli “Xalq Sugʻurta” kompaniyasining 100 foiz ulushini xususiylashtirish koʻzda tutilgan.

Toshkentdagi “Oʻzekspomarkaz”ning 91,83 foiz hamda Xalqaro hamkorlik markazi — Xalqaro biznes markazining 79,27 foiz davlat ulushi ham sotuvga chiqariladi. Mazkur ikki aktiv boʻyicha xususiylashtirish Prezident administratsiyasi bilan kelishilgan alohida konsepsiya va sotuv shartlari asosida amalga oshirilishi kerak.

Roʻyxatga yana KO-UNG CYLINDER kompaniyasining 54,76 foizi, Kor-UNG Investment va V-GEN BIOPHARMA’ning 50 foizdan, Inno Texnopark’ning 100 foizi, Ustudy’ning 50 foizi hamda “O‘ZBEK-TURK TEST MARKAZI”ning 51 foiz ulushi kiritilgan.

Transport sohasida “Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi”ning 90 foizi hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” tizimidagi “Andijon mexanika zavodi”ning 100 foiz ulushini sotish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlaridagi qator dehqon bozorlari va savdo majmualaridagi davlat ulushlari ham xususiylashtirish dasturiga kiritilgan. 

Umuman, yangi dastur doirasida savdoga chiqariladigan davlat aktivlarining qiymati 100 trln soʻmni tashkil etadi. Hukumat yil yakuniga qadar ularni sotish hisobidan kamida 14 trln soʻm tushum olishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, davlat ishtirokidagi yana 85 ta korxona tugatiladi yoki qayta tashkil etiladi. 

Xususiylashtirish shartlari ham yumshatilmoqda. Aktiv xarid qilishdagi avans miqdori avvalgi 35 foizdan 15 foizgacha tushiriladi. Qolgan summani foizsiz boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi.

Jumladan, aktiv qiymatining 35 foizi uch oy ichida toʻlansa, qolgan qismini 5 yilgacha, 50 foizi olti oyda toʻlansa esa 7 yilgacha foizsiz boʻlib toʻlash mumkin boʻladi. Aktiv qiymatini olti oy ichida toʻliq toʻlagan xaridorga 25 foizlik chegirma berilishi ham nazarda tutilgan. 

Avvalgi savdolarda xaridor topilmagan 84 ta aktiv esa 1 mln soʻmlik boshlangʻich narx bilan qayta auksionga chiqariladi. Aktiv uch oy davomida sotilmasa, uning narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qoʻllanilishi mumkin. 

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+