“Oʻzbekiston temir yoʻllari”ning yarim yillik sof foydasi 1 trln soʻmdan oshdi
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” 2026 yilning birinchi yarmini 1 trln 8,5 mlrd soʻm sof foyda bilan yakunladi. Bu 2025 yilning mos davridagi 658,7 mlrd soʻmga nisbatan 349,8 mlrd soʻm yoki 53,1 foizga koʻp.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ 2026 yilning birinchi yarmiga oid moliyaviy hisobotini eʼlon qildi.
Hisobotga koʻra, kompaniyaning mahsulot va xizmatlarni sotishdan olgan sof tushumi 7,42 trln soʻmdan 9,62 trln soʻmga yetgan. Shu tariqa, tushum bir yil ichida 2,19 trln soʻm yoki 29,5 foizga oshgan.
Ayni paytda sotilgan mahsulot va xizmatlar tannarxi nisbatan sekinroq oʻsdi. Mazkur koʻrsatkich 5,73 trln soʻmdan 6,7 trln soʻmga yetib, 17 foizga koʻpaygan.
Natijada kompaniyaning yalpi foydasi 1,7 trln soʻmdan 2,92 trln soʻmga oshgan. Oʻsish 1,22 trln soʻm yoki 71,9 foizni tashkil etdi.
Davr xarajatlari esa 17,7 foizga kamayib, 1,07 trln soʻmga tushgan. Shu hisobiga “Oʻzbekiston temir yoʻllari”ning asosiy faoliyatdan olgan foydasi 1,16 trln soʻmdan 2,4 trln soʻmga yetib, 2,1 barobar oshgan.
Biroq moliyaviy xarajatlar 52,4 foizga koʻpayib, 1,75 trln soʻmni tashkil qilgan. Jumladan, valyuta kursi farqidan koʻrilgan zarar 698,2 mlrd soʻmdan 1,16 trln soʻmga, foiz xarajatlari esa 449,7 mlrd soʻmdan 587,9 mlrd soʻmga yetgan.
Hisobot davri yakunida kompaniyaning uzoq muddatli bank kreditlari 25,57 trln soʻmni tashkil etgan. Bu yil boshidagi koʻrsatkichga nisbatan 1,2 trln soʻm yoki 4,9 foizga koʻp.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari”ning jami aktivlari 47,3 trln soʻmga yetgan. Kompaniya hisobidagi pul mablagʻlari esa yil boshidan 39,6 foizga kamayib, 1,04 trln soʻmga tushgan.









