Oʻzbekiston tashqi qarzi 75,4 mlrd dollarga yetdi
2025 yilning dastlabki 9 oyida Oʻzbekiston tashqi qarzi 75,4 mlrd dollarga yetdi. Bu davrda toʻgʻridan-toʻgʻri va portfel investitsiyalari keskin oshgan. Asosiy yuk davlat byudjeti va yirik korporativ sektor hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 2025 yil 1 oktabr holatiga koʻra 75,4 mlrd AQSh dollariga yetdi. Bu haqda Markaziy bankning toʻlov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarz boʻyicha eʼlon qilingan hisobotida qayd etilgan.
2025 yilning dastlabki 9 oyida mamlakatga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 baravar oshib, 2,9 mlrd dollarni tashkil etdi.
Portfel investitsiyalarining sof jalb qilinishi esa asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bogʻliq operatsiyalar hisobiga 2,2 baravarga koʻpayib, 3,8 mlrd dollarga yetdi.
Toʻlov balansida aks etgan amaliyotlar va boshqa oʻzgarishlar taʼsirida Oʻzbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei yil boshiga nisbatan 1,6 baravarga mustahkamlanib, 2025 yil 1 oktabr holatiga 21,4 mlrd dollarni tashkil qildi.
Hisobotga koʻra, umumiy tashqi qarz tarkibida davlat tashqi qarzi 37,4 mlrd dollar, korporativ tashqi qarz esa 38,0 mlrd dollarni tashkil etgan. 2025 yilning uchinchi choragida umumiy tashqi qarz 3,2 mlrd dollarga, soʻnggi bir yil davomida esa 15,2 mlrd dollarga oshgan.
Xususan, uchinchi chorakda davlat tashqi qarzi 0,6 mlrd dollarga, soʻnggi bir yil ichida esa 4,9 mlrd dollarga koʻpaygan. Korporativ tashqi qarzlar esa uchinchi chorakda 2,6 mlrd dollarga, bir yil davomida 10,3 mlrd dollarga oshgan.
Avvalroq Oʻzbekiston davlat qarzi 44 mlrd dollarga yaqinlashgani haqida xabar berilgan edi. Bunda Tashqi qarz asosiy ulushni tashkil qilmoqda, yirik kreditorlar qatorida Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xitoy moliya institutlari bor. Qarz mablagʻlarining yarmiga yaqini byudjetni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan.









