11 813.210 so‘m

increase

23.880

13 719.860 so‘m

increase

17.120

136.710 so‘m

increase

0.230

11 813.210 so‘m

increase

23.880

Якин 1 соат ичида
Iqtisodiyot
29

Oʻzbekiston strategik korxonalar xususiylashtirilgandan keyin davlat nazoratini saqlovchi “oltin aksiya”ga oʻxshash mexanizmni qaytarmoqda

Oʻzbekistonda yirik va strategik korxonalar xususiylashtirilgandan keyin ham davlat ularni boshqarishda vaqtincha maxsus ishtirok etish huquqini saqlab qolishi mumkin. 

“Oltin aksiya”ga oʻxshash bu mexanizm alohida prezident qarori bilan joriy etiladi, biroq uning vakolatlari va amal qilish muddati hozircha ochiqlanmagan. 

Bunday mexanizm Oʻzbekistonda avval ham boʻlgan. “Oltin aksiya” 2007 yilda joriy etilib, 2022 yilda bekor qilingan edi.

Oʻzbekiston strategik korxonalar xususiylashtirilgandan keyin davlat nazoratini saqlovchi “oltin aksiya”ga oʻxshash mexanizmni qaytarmoqda

Pinkod avvalroq yozganidek, Oʻzbekistonda 2026 yil davomida umumiy qiymati qariyb 100 trln soʻm boʻlgan davlat aktivlari va yer uchastkalari savdoga chiqariladi.

Prezidentning PF–177-son farmoniga koʻra, yirik va strategik ahamiyatga ega korxonalar xususiylashtirilganda davlatning vaqtinchalik maxsus ishtirok etish huquqi saqlab qolinishi mumkin. Mazmunan bu xalqaro amaliyotdagi “oltin aksiya” modeliga yaqin.

Maxsus huquq milliy xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va jamoat manfaatlarini himoya qilish maqsadida joriy etiladi. Xaridor davlatda bunday vakolat saqlanib qolishi haqida xususiylashtirish boshlanishidan oldin xabardor qilinishi kerak.

Korxona sotilgandan keyin maxsus ishtirok etish huquqi prezidentning alohida qarori bilan joriy etiladi. Uni bekor qilish uchun ham prezidentning maxsus qarori talab etiladi.

Biroq farmonda davlatning maxsus huquqi aynan qanday vakolatlarni qamrab olishi va qaysi korxonalarda qoʻllanishi koʻrsatilmagan. Bu masalalar har bir strategik korxona boʻyicha alohida belgilanishi kutilmoqda.

“Oltin aksiya” Oʻzbekiston uchun yangi mexanizm emas. U 2007 yilda xususiylashtirilayotgan strategik aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokini saqlash uchun joriy qilingan.

Avvalgi “oltin aksiya” qanday ishlagan?

Oʻzbekistonda “oltin aksiya” 2007 yilda xususiylashtirilayotgan strategik aksiyadorlik jamiyatlarida davlat manfaatini saqlash uchun joriy qilingan. U davlat ulushi mavjud boʻlmagan yoki 25 foizdan oshmagan kompaniyalarda qoʻllanishi mumkin edi.

“Oltin aksiya”ning oʻzi qiymatga ega boʻlmagan. Uni sotish, boshqa shaxsga oʻtkazish yoki garovga qoʻyish mumkin emas, ustav kapitali va dividendlarni hisoblashda ham inobatga olinmagan.

Davlat korxonaning kuzatuv kengashiga oʻz vakilini kiritgan. U quyidagi qarorlarga veto qoʻyish huquqiga ega boʻlgan:

  • korxona ustavini oʻzgartirish;
  • ustav kapitali miqdorini oʻzgartirish;
  • asosiy faoliyat yoʻnalishini almashtirish;
  • yirik va affillangan shaxslar bilan bitimlar tuzish;
  • boshqa tashkilotlarda ishtirok etish;
  • korxonani qayta tashkil etish yoki tugatish.

Davlat vakili qatnashmagan holda qabul qilingan yoki u veto qoʻygan qarorlar ijro etilmagan. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2007 yildagi 151-son qarorida belgilangan edi.

Nega bekor qilingan edi?

“Oltin aksiya” 2022 yilda O‘RQ–760-son qonun bilan aksiyadorlik jamiyatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikdan chiqarib tashlangan.

Oʻshanda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bu huquqdan soʻnggi oʻn yil davomida amalda foydalanilmaganini maʼlum qilgan. Biroq mexanizmning qonunchilikda saqlanib qolishi ham investorlarning xususiylashtirilayotgan korxonalarga qiziqishini pasaytirishi va boshqa aksiyadorlarning korporativ qarorlardagi huquqlarini cheklashi qayd etilgan.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ham mazkur mexanizmni bekor qilishni tavsiya qilgan. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uning bekor qilinishi davlat va xususiy aksiyadorlarni teng huquqli qilishi hamda investitsiya muhitini yaxshilashini bildirgan edi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+