“Oʻzbekiston oqilona siyosat yangi eshiklarni ochishini isbotlamoqda” — Google vitse-prezidenti Google Pay ishga tushishi haqida
Google vitse-prezidenti Doron Avni Google Pay’ning Oʻzbekistonda ishga tushishini mamlakatdagi huquqiy islohotlarning amaliy natijasi deb baholadi.
Avnining fikricha, Oʻzbekistonning maʼlumotlarni tartibga solishdagi yondashuvi global texnologiyalar uchun yangi imkoniyatlar ochgan.
Mazkur xizmatni mamlakatga olib kirish Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning yirik xalqaro texnologiya kompaniyalari bilan oʻtkazgan muzokaralarida ham muhim masalalardan biri boʻlgan edi.

Google’ning rivojlanayotgan bozorlarda davlat organlari bilan aloqalar va davlat siyosati boʻyicha vitse-prezidenti Doron Avni LinkedIn’dagi postida Google Pay’ning Oʻzbekistonda ishga tushishi haqida fikr bildirdi.
“Zamonaviy siyosat faqat qogʻozda yozilmaydi, uning taʼsiri odamlarning choʻntagida bevosita seziladi”, — deb yozgan u.
Avnining taʼkidlashicha, xizmatning ishga tushishi millionlab fuqarolar uchun qulay va xavfsiz raqamli toʻlovlar imkoniyatini yaratish bilan cheklanmaydi. Bu rivojlanayotgan bozorlarda uzoqni koʻzlab qabul qilingan qarorlar qanday amaliy natija berishini ham koʻrsatadi.
U Oʻzbekiston shu yil boshida shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilishga oid qonunchiligini yangilaganiga eʼtibor qaratgan. Mamlakat barcha maʼlumotlarni oʻz hududida saqlashga doir bir xil talab oʻrniga, ularni toifalarga ajratishga asoslangan moslashuvchan va muvozanatli yondashuvni tanlagan.
“Hukumatlar aniq, oldindan tushunarli va xalqaro tizimlarga mos qoidalar yaratsa, global texnologiyalar tez kirib keladi”, — deya taʼkidlagan Google vitse-prezidenti.
Xalqaro toʻlov xizmatlarini Oʻzbekistonga jalb etish masalasi Saida Mirziyoyevaning Google rahbariyati bilan muzokaralarida ham koʻtarilgan edi.
Xususan, 2026 yil 23 sentabrda AQShga tashrifi davomida u Google vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashgan. Muloqotda Google Pay’ni Oʻzbekistonda Visa va Mastercard kartalari uchun ishga tushirish, YouTube monetizatsiyasi, sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik boʻyicha hamkorlik muhokama qilingan.
Saida Mirziyoyeva shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlash va raqamli toʻlovlar sohasidagi qonunchilik takomillashtirilgani xalqaro toʻlov tizimlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirayotganini taʼkidlagan. Oradan bir oyga yaqin vaqt oʻtib, mahalliy banklar chiqargan ayrim kartalarni Google Wallet va Apple Wallet ilovalariga ulash imkoniyati paydo boʻldi. Bu haqda Pinkod avvalroq batafsil yozgan edi.
Avnining yozishicha, Google Pay’ni ishga tushirish haqidagi eʼlon AQSh davlat kotibi Marko Rubioning Oʻzbekistonga tashrifi va Samarqanddagi C5+1 vazirlar uchrashuvi doirasida berilgan. U Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi raqamli hamkorlik milliy kiberxavfsizlikni mustahkamlash, bulutli texnologiyalar va raqamli taʼlimni rivojlantirishni ham qamrab olayotganini qayd etgan.
Google vitse-prezidenti Oʻzbekiston hukumati, AQShning mamlakatdagi elchisi Jonatan Henik va kompaniya jamoasiga minnatdorlik bildirgan. U xizmatning ishga tushishini koʻp yillik saʼy-harakatlar natijasi deb atagan.
“Oʻzbekiston oqilona siyosat yangi eshiklarni ochishini isbotlamoqda”, — deb yozgan Avni.









